Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
Yana bir yurtdoshimiz jahon chempioni bo‘ldi
23 Sep 2019

Farg‘onalik Mirazizbek Mirzaxalilov Rossiya Federatsiyasining Yekaterinburg shahrida bo‘lib o‘tgan boks bo‘yicha jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritib, jahon chempioni degan yuksak sharafga sazovor bo‘ldi.

Quva tumani Qayrag‘och qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgan Mirazizbek bolaligidan sportga mehr qo‘ydi. Buning boisi, oilaviy muhit, ya’ni u sportchilar oilasida ulg‘aydi. Oiladagi besh o‘g‘lonning barchasi boks bilan shug‘ullanadi. Unga Bahodir Erkayev va akasi Mirahmad Yunusov ustozlik qildi. Intiluvchanligi va tirishqoqligi sabab tezda ko‘zga tashlangan yosh sportchi ko‘p o‘tmay viloyat miqyosidagi musobaqalarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritdi. Bir necha marta mamlakat chempioni bo‘ldi. Mirazizbek bir necha yildan buyon boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi sifatida xalqaro musobaqalarda qatnashib kelmoqda.

Rossiya Federatsiyasining Yekaterinburg shahrida bo‘lib o‘tgan boks bo‘yicha jahon chempionatida eng yuqori natijalarga erishdi. Xususan, 24 yoshli bokschi Mirazizbek Mirzaxalilov 57 kilogramm vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Yurtdoshimiz finalda kubalik Lazaro Alvares Estradani mag‘lubiyatga uchratdi. Bu xushxabar barchani quvontirib yubordi.Chempion tug‘ilib o‘sgan xonadonda ham katta shodiyona. Yaqinlarini tabriklash, quvonchiga sherik bo‘lish uchun keluvchilarning adog‘i ko‘rinmaydi. 

Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev jahon chempionining xonadonida bo‘lib, uning ota-onasi va murabbiylarini ulkan zafar bilan tabrikladi. Ularga minnatdorchilik bildirib, sovg‘alar topshirdi. Mirzakarim aka va Sharofat opa bunday e’tibordan, o‘g‘lining qo‘lga kiritgan yutug‘idan quvonchi cheksiz.

– Bugun juda ham hayajondaman, – deydi Mirzakarim aka Yunusov.-O‘g‘limning yutug‘i bu xalqimizning yutug‘idir. Bularning barchasi yurtimizda davlatimiz rahbari tomonidan sportga bo‘lgan e’tibor samarasidir.

Quva tumanida jahon chempioni tantanali kutib olindi. Marosimda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda sportchilar uchun yaratilgan qulay sharoitlar Mirazizbek kabi chempionlarning safi ortib borayotganida o‘z samarasini berayotganini ta’kidlashdi.

Sportchilarimizning jahon chempionatida erishgan yutuqlari mamlakatimizda sportni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor yuksak samaralar berayotganining yana bir yorqin dalili sifatida barchamizga cheksiz g‘urur bag‘ishlaydi.

 

Manba: ko'rsatilmagan / Ko'rishlar: 63

So'rov

Bizning saytimiz sizga yoqdimi?
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech