Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
«Kelin salom»ni bilardik, endi «kuyov salom» ham bormi?..
26 Nov 2018

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan «Kuyov salom» videosi barcha o‘zbek xalqining, ayniqsa, erkak kishilarning sha’niga, nafsoniyatiga qattiq tegdi. Ular qatorida menga ham. Videotasvirda pulni deb orini yo‘qotgan bir o‘rtakash yigit hashamatli to‘yxonaning o‘rtasida, musiqa sadolari ostida kuyov salom aytyapti.

...Kuyov salom beradi, yana salom beradi, birinchi salomni otaxonlarga beradi. Salom, salom kuyov salom, buvajonlarga assalom! Salom, salom yana salom, buvajonlarga assalom! Salom, salom kelbast kuyovga salom aytamiz, Qabul aylang, buvajonlar, kuyovto‘radan assalom, Qabul aylang, otaxonim, dadasi, sizga kuyovdan salom... Kuyov bo‘lmish (shunday atash mumkin bo‘lsa!) kimsa, o‘zbekona libosda, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, barchaning ko‘z-o‘ngida uyalmay-netmay sarpo-suruqlarni qabul qilyapti.

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinayotgan ushbu voqeaga har kim har xil fikr bildirmoqda. Birov: «Qanday kelbast kuyov, surbet, or-nomus, yigitlik g‘ururini yo‘qotgan xotinchalish» desa, yana biri: «Yuziga kelin paranjisini tashlab olganida yanayam «yaxshi» bo‘lardi», biri esa «Kuyov bo‘lmay o‘l, bolam» degan she’riy tarzda izohlarini qoldirishgan. Haqiqatan ham, agar unda biroz bo‘lsada, yigitlik g‘ururi bo‘lganida edi, davraning o‘rtasida, barchaning ko‘z o‘ngida serrayib sarpo-suruqlarni qabul qilib o‘tirmasdi. Hattoki, kelin salomda ham kelinning otasiga salom aytilmaydi, bu bema’ni odatda esa kuyov otasiga salom aylayapti.

Bunday bemaza qiliqlar qayerdan, kimdan chiqyapti? Nahotki, shu darajada tubanlashib, kimligimizni, o‘zligimizni yo‘qotib qo‘yayotgan bo‘lsak. Yo bunday odatlar bizning milliy urf-odat, an’ana va qadriyatlarimizda bormi? Nahotki, bunday hadsiz orzu-havasni jilovlaydigan, ularga pand-nasihat, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadigan inson topilmasa? Ota-ona, mahalla-ko‘y, keng jamoatchilik qayerga qarayapti?

Shubhasiz, bugun pul topib, aql topmagan, ma’naviy saviyasi past ayrim kimsalar to‘y-hashamlar, ma’rakalarni o‘tkazish bo‘yicha musobaqa o‘ynab, ana shunday turli-tuman bema’ni odatlarni o‘ylab topishmoqda. Qarang, «sevgi tarixi»(«love story»), «evropacha vals», «gorka», «kelinnavkar», kelin bilan qaynotaning birga raqs tushishi, kelin-kuyovning sevgi tarixidan so‘zlovchi «sayohat»lari muhrlangan fotolavhalarning to‘y marosimida katta ekranlarda namoyish etilishi kabi noodatiy urflarni hazm qilib ulgurmasimizdan «ommaviy madaniyat»ning mana shunday ko‘rinishlari ham to‘ylarimizga kirib kelayotir.

Prezidentimiz tashabbusi bilan to‘y-marosimlardagi dabdababozlik, isrofgarchilik, manmanlik kabi illatlarning oldini olish borasida chora-tadbirlar ishlab chiqilib, aholi o‘rtasida tushuntirish targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilayotgan bir paytda bunday illatlarning tarqalishi har birimizni jamiyatda faol bo‘lishga undab, jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirishga chorlaydi.

 

Akbar Rustamov, «Mahalla» xayriya jamoat fondi Buxoro viloyati bo‘limi ijrochi direktori:

— O‘zbek yigiti hech qachon davra o‘rtasida sollanib, ko‘rgazmaga turmaydi. O‘zbek yigiti sha’niga aytilgan xushomadni eshitmaydi. O‘zbek yigiti davra o‘rtasiga faqat kurash uchun chiqadi, o‘zining ohorli kiyimlarini ko‘z-ko‘z qilish uchun emas! Biz buxoroliklarda «jomapo‘shon» degan marosim bor. Bunda to‘y oldidan kuyovga chopon kiydirilib, salla o‘rashadi, beli bog‘lanadi. Bunda salla, birinchidan, bosh kiyim

—        qalqon, so‘ngra diyonatga kirish timsoli. Chopon

—        kichik uy, yigitning uy egasi, kimgadir mas’ul bo‘lgani timsoli. Belbog‘ esa ana shu katta va zahmatli yo‘lda bardam turish, beli bukilmay, doim tik yurishga ishora. Lavhani ko‘rganimizda yurtimizning boshqa go‘shalarida ham shunday marosim bor ekan deb o‘yladik. Ammo salomni eshitib, kuyov ta’zimini ko‘rganimizda bu bid’at — bizning marosimimizdan butkul farqli ekaniga amin bo‘ldik. «Jomapo‘shon»da yigitning beli, g‘ururi, oriyati hech qachon egilmasin, deya bog‘lanadi. Bunda esa yigit oldiga kelib, sovg‘a taqdim etiladi.

Kimdir aytar, salomning nimasi yomon, kelin salom chiroyli odat, shuni kuyovlarga ham taqdim etsak-chi, deb. Kelinning salom qilgani, avvalo, yangi xonadonga mehmon bo‘lib borgani, yangi oila a’zolariga ehtirom bildirishini anglatadi. Islom qoidalarida ham kamchilik ko‘pchilikka salom berishi lozimligi ta’kidlangan.

Endi kuyov-chi? U biror yoqqa boryaptimi? Yo‘q. O‘z uyida turibdi. Kelinni olib kelyapti. Tag‘in uning salom berishiga ne hojat. Agar ichkuyov bo‘lib ketgan yoki oilada kelin bilan xizmat vazifalarini ayirboshlagan bo‘lsa, unda gap yo‘q: «salom-salom, kuyov salom!» Menimcha, har bir o‘zbek yigiti uchun bunday ayriboshlashdan ko‘ra o‘lim afzal!

Har bir marosim, udum ajdodlarimizning ming yillik hayot sinovidan o‘tib, toblanib shakllangan ezgu qadriyatlarimizdir. Bu udumlarga amal qilish, mohiyatini chuqurroq anglash joiz. Yo‘qsa, unga ko‘r-ko‘rona o‘zgartirish kiritib, o‘zimizni kulgiga qoldirganimizni sezmay qolamiz. Har bir narsaning o‘z o‘rnida bo‘lgani yaxshi. Xartum filga juda yarashadi. U filning ko‘rki. Ammo xartum chiroyli ekan, deb boshqa jonzotga ko‘chirib o‘tqazsak, o‘sha jonzot qiyofasini bir tasavvur eting...

 

Ariuxan Kelimbetova, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashining bosh mutaxassisi:

—        Aslida to‘ylar ma’naviy hayotimizning bir bo‘lagi, ma’lum ma’noda jamiyat madaniyatini, millat ma’naviyatini ifodalovchi,axloqini va turmush tarzini aks ettiruvchi, mahalla-ko‘y, qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘, do‘stlar ishtirokida o‘tadigan milliy qadriyatimiz, ma’naviy udumimiz hisoblanadi. Shu sababli mazkur tadbirni milliy urf-odatlarimizga tayanib, ma’naviy-tarbiyaviy jihatiga ko‘proq e’tibor berib uyushtirish kerak. To‘ylarimizni bunday be’mani odatlar bilan «bezash» esa ma’naviyatsizlik belgisidir. Bu voqea qayerda bo‘lganidan qat’i nazar, milliy qadriyatlarimizga begona. Tan olaylik, bunday illatlarning urchishiga biz, faollarning, keksa otaxon va onaxonlarimizning, keng jamoatchilikning ham aybi bor. Ba’zan ko‘rib ko‘rmaslikka, bilib bilmaslikka olamiz. Yo‘qsa, o‘sha yerda bir mard topilib, bunday salomga chek qo‘ygan bo‘lardi. Ilgari Qoraqalpog‘istondagi nikoh to‘yi marosimlarida milliy urf-odatimizga yot bo‘lgan — «gorka»- (kelin-kuyov to‘yxona markazida, kattayu kichik oldida bir-biridan bo‘sa olishadi) o‘yini, kelin olib qochar kabi odatlar paydo bo‘lgandi. Shukr-ki, aholi o‘rtasida olib borgan targ‘ibot tadbirlarimiz natijasida bunday odatga chek qo‘ydik. Biroq yangi bir — kelinning oyoq kiyimini olib qochish odati paydo bo‘ldi. Bu borada ham aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib boryapmiz. Bunda ta’lim muassasalari rahbarlari ham bosh-qosh bo‘lishsa, ayni muddao bo‘lardi. Negaki, bu odat ko‘proq 18-25 yosh orasida uylanayotgan yigitlarning nikoh to‘ylarida kuzatilmoqda.

 

O‘ktamjon Oxunov, «Nuroniy» jamg‘armasi Andijon viloyati bo‘limi raisi:

—        Butun bir oila quvonchiga sabab bo‘ladigan ikkita voqea bo‘ladi. Birinchisi, farzandining dunyoga kelishi va keyingisi nikoh to‘yi. Ana shu unutilmas damlarning qanday kechishi ma’lum ma’noda hayot yo‘llari va mazmunini belgilab beradi. Shuning uchun ham yangi bir oilaning vujudga kelishini tor ma’noda tushunish kerak emas. Aslida ikki yoshning nikoh to‘yi ijtimoiy voqea sifatida baholanishi lozim. Chunki mahalla va yurt tinchligi, ma’naviy muhit barqarorligi bevosita oilaga bog‘liq. Bugungi to‘ylarning to‘kin-sochinlik bilan shodiyona ruhda tashkil etilayotgani quvonarli. Lekin to‘qlikka sho‘xlik qabilida, ba’zan esa «ommaviy madaniyat»ga taqlid qilib o‘tkazilayotgan bunday «baxt oqshom»lari bizning mentalitetimiz, turmush tarzimizga zid holat. «Sevgi tarixi» nomi ostida monitor orqali aks ettirilayotgan fotosessiyalar ham o‘zbekona odob va hayo fazilatlaridan ancha yiroq. Hali nikoh rishtalari bog‘lanmagan yoshlarning quchoqlashib turishi, bir-birlarining pinjiga suqilib suratga tushishi va bu «shedevr»lar ota-ona, yaqin qarindosh, mahalla oqsoqollari oldida ko‘rsatilishi anchayin hijolatli manzara emasmi? Boz ustiga, kelin-kuyovning chet el musiqasi sadolari ostida aylanib raqs tushishi, qaynotalar bilan bir davrada gir aylanishi, yalangbosh, yelkalari ochiq holda o‘tirishi bizning milliy qadriyatlarimizga to‘g‘ri kelmaydi. To‘y o‘z nomi bilan to‘y, aslo tomosha emas.

 

Sanobar Qandaharova, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Navoiy viloyati kengashi raisining diniy-ma’rifiy masalalari bo‘yicha o‘rinbosari:

—        Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan to‘y-marosimlardagi dabdababozlik, isrofgarchilik, manmanlik kabi illatlardan xalos bo‘lish borasida bir qator chora-tadbirlar ishlab chiqilib, aholi o‘rtasida tushuntirish-targ‘ibot tadbirlari olib borilmoqda. Joriy yil viloyat miqyosida 807 ta kam- chiqim to‘y-hasham o‘tkazilgan bo‘lsa, shundan 42 tasi Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman va shahar kengashlari tashabbusi va ko‘magi bilan tashkillashtirildi. Quvonarlisi, kelinlar sarposiga kitob qo‘shish odati ommalashdi. Biroq «kuyov salom»ga o‘xshagan ko‘r-ko‘rona o‘zlashtirilayotgan odatlar yanada faol, jonkuyar bo‘lishimizni talab etadi. Qars ikki qo‘ldan, deganlaridek, bu borada aholi ham o‘z xonadonida, mahallasiyu to‘yxonasida bo‘layotgan voqea-hodisalarga uyg‘oq nigoh bilan boqishi, bunday odatlarning oldini olishda faol bo‘lishi darkor. Darhaqiqat, har bir fuqaro mahalladagi jamoatchilik tartib-qoidalarini hurmat qilishi kerak. Oyog‘i yerdan uzilib, dabdababozlik, manmanlikka yo‘l qo‘yayotganlarning xatti-harakatini esa mahalla-ko‘y oldida muhokama qilib, tegishli tartibda «jamoatchilik izzasi»ni qo‘llash lozim. Zero, mamlakat taraqqiyotiga tug‘anoq bo‘luvchi, millatni chalg‘ituvchi bunday dabdababozlik, isrofgarchilik asosiga qurilgan bema’ni urf-odatlarga chek qo‘ymas ekanmiz, bugun ijtimoiy hayotimizdagi global muammolar — oilalarning yemirilishi, go‘daklarning yetim qolishi, qo‘lida norasida bolalari bilan ota uyiga sig‘may, ko‘chada qolgan mushtipar ayollar, turli darajadagi notinchliklar, jinoyatchilik, o‘z joniga qasd va suiqasd qilish kabi illatlarni jilovlay olmaymiz.

 

Munira Qahhorova, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi targ‘ibot ishlarini metodik ta’minlash bo‘limi boshlig‘i:

—        Davlatimiz rahbari o‘tgan yili ziyoli ijodkorlar bilan uchrashuvda bunday aqlbovar qilmas odatlarni «balo» deb atadi. Chindan ham, bunday «odat»lar illat, dard, balo. Nikoh to‘yi o‘tkazishdan asosiy maqsad — yangi paydo bo‘lgan oilani e’lon qilish, oila xursandchiligini yaqin insonlar bilan baham ko‘rishdir. Afsuski, bugungi to‘y-marosimlari kattalarning yoshlarga fikrini yetkazishi, tajribasini taqdim etishi emas, aksincha yoshlarning kattalarga aytganini qildirishi bo‘lib qolmoqda. Biroq shu jamiyatda yashayotgan barcha fuqaro kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, bir-birini hurmat qilishi shart. Vaholanki, odamlar to‘y-marosimlarni manmanlik bilan o‘tkazar ekan, jamiyatning boshqa fuqarolariga behurmatlik qilgan bo‘ladi. Aslida kelin salom, kelinning yangi oila a’zolarigagina emas, balki barcha, o‘z ota-onasi, yaqinlari, umuman, dunyo bilan qayta ko‘rishishidir. Ayol kishi bu dunyoda uch bora tug‘iladi: jismonan tug‘ilganda, kelin bo‘lganda va farzand ko‘rganda. Negaki, ana shu uch holatda ham u bir jismoniy o‘lim azobini yengib o‘tgan va qayta tug‘ilgan bo‘ladi. Endi o‘sha sollangan kuyovdan so‘raymiz, siz o‘lim og‘rig‘iga teng qaysi bir azobni yengdingiz? Ha, bu erkak uchun chinakam og‘ir haqoratli so‘zlar. Lekin bu so‘zlarni ba’zilar o‘z qilmishi evaziga sotib olyapti.

Davlatimiz rahbari tomonidan ko‘plab yig‘ilishlarda to‘y-hashamlar bilan bog‘liq ortiqcha xarajatlar ming-minglab oilalarning nafaqat iqtisodiy ahvoliga, balki butun hayotiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani qattiq tanqid qilindi. Oliy Majlis Senati Kengashining 2018 yil 13 avgustdagi «Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlarida to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish masalalari bo‘yicha komissiyalar tuzish to‘g‘risida»gi qarori hamda Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi boshqaruvi qarori yuzasidan barcha tuman va shaharlardagi fuqarolar yig‘inlarida navbatdan tashqari vakillar yig‘ilishi o‘tkazilib, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 7 sentyabrdagi «Fuqarolar yig‘ini huzurida to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish masalalari bo‘yicha komissiya faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi bayoniga asosan, to‘y-hashamlar va ma’raka marosimlarni kamchiqim o‘tkazish bo‘yicha komissiya tashkil etildi. Natija samarali, biroq illatning bittasi ham ko‘p, deganlaridek, to‘ylarimizda hamon begona odatlarko‘zga tashlanmoqda.

O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov aytganidek, odamzodni hayvonotdan ajratib turadigan chegara bor. Bu chegaraning nomi — MA’NAVIYaT deb ataladi. Darvoqe, mana shu chegara buzilsa, milliyligimizni, o‘zligimizni yo‘qotamiz.

Manba: Rustam Yusupov / Ko'rishlar: 939

So'rov

Bizning saytimiz sizga yoqdimi?
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech