Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
Keksalar doimo mahallamizning e’zoz va e’tirofida
8 Oct 2019

Bugun, 8 oktabr kuni “Turkiston” san’at saroyida Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi tomonidan “Keksalar haftaligi” munosabati bilan bayram tantanalari bo‘lib o‘tdi.

Keksalar, faxriylar va nuroniylar mamlakatimizda ehtiromga, e’zozga eng munosib qatlam vakillari hisoblanib, ularga g‘amxo‘rlik, izzat-ikrom ko‘rsatish xalqimizning asrlar osha qiymatini yo‘qotmay kelayotgan ezgu fazilatlaridan sanaladi. Har bir oila, mahalla, korxona va tashkilotda yoshi ulug‘ insonlarga o‘zgacha mehr-e’tibor bilan munosabatda bo‘lamiz. Xayrli ishlar, ulug‘ maqsadlar yo‘lidagi sa’y-harakatlarimizni nuroniylarning maslahati va duolari bilan boshlashni, ularning hayotiy tajribalariga tayanishni insoniy burch, deb bilamiz.

Mana shu milliy qadriyat bugun davlatimiz siyosatida o‘zining yaqqol ifodasini topmoqda. Shu ma’noda Muhtaram Prezidentimizning “Aholi muammolari bilan ishlashda mahalla institutining mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019 yil 2 apreldagi PF-5700-son Farmonida “Keksalar maslahati” guruhlarini tashkil etish va ularni mahallalar hayotiga keng jalb qilish belgilab qo‘yilganligi birinchidan, davlatimizning keksalarga bo‘lgan e’tibori, yuksak ishonchi bo‘lsa, ikkinchi tomondan islohotlar jarayonida keksalardan ijtimoiy faollik, harakatchanlik va uyg‘oqlik kutilayotganidan dalolat beradi.

Joriy yilning 27 sentabr kuni Vazirlar Mahkamasining Keksa avlod vakillarining jamiyatdagi o‘rni va ijtimoiy faolligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 816-son qarori ushbu xayrli ishlarning mantiqiy davomi bo‘lish bilan birga, keksa avlod vakillariga hurmat-e’tiborning yaqqol namunasi bo‘ldi. Ayni shu qarorga muvofiq, mamlakatimizning tarixida ilk mamlakatimizning barcha shahar va qishloqlarini, mahallalarni qamrab olgan holda “Keksalar haftaligi” tadbirlari o‘tkazildi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, haftalik davomida Muhtaram Prezidentimiz tomonidan 600 nafar ijtimoiy faol keksa va nuroniylarga “Yangiyo‘l” sanatoriysida bepul dam olish imkoniyati berildi hamda 5-6 oktabr kunlari barcha teatrlar, 7-8 oktabr kunlari barcha muzeylar keksalarga bepul xizmat qilgani hammaning qalbini to‘lqinlantirib yubordi. Shuningdek, barcha viloyatlarda - “Turkiston” san’at saroyida bo‘lib o‘tayotgani kabi katta konsert dasturlarining taqdim etilgani mamlakatimizning barcha keksa va nuroniylariga zavq-shavq bag‘ishlab, ularni jamiyat hayotida yanada faolroq bo‘lishga, amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida kamarbasta bo‘lishga undaydi.

Haftalik davomida viloyat, tuman (shahar) hokimlari tomonidan 23 900 nafar keksalarga tabriknomalar yuborildi. 28 357 nafar keksalarning uyiga borib, turli sovg‘alar bilan yo‘qlandi, 11 929 nafariga oziq-ovqat mahsulotlari, 3 343 nafariga dori-darmonlar olib borildi. 5586 nafar keksalarga 270,315 mln. so‘m miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi. 21 891 nafar keksalarimiz sayyor “Tibbiyot brigadalari” orqali mahallalarga borib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shundan 8 397 nafariga tibbiy yordam ko‘rsatildi, 3 599 nafari zaruriy dori-darmon bilan ta’minlandi.

Joylarda 304 651 nafar keksalarimiz ishtirokida 5 385 ta bayram dasturxoni va madaniy dasturlar tashkil etildi. “Saxovat” va “Muruvvat” uylariga 222,844 mln. so‘m miqdorida moddiy yordam ko‘rsatilib, 2 878 ta madaniy tadbirlar tashkil etildi. “Har kuni 5 ming qadam” shiori ostida tashkil etilgan piyoda yurish marafonlarida 80 mingdan ortiq keksa va faxriylar ishtirok etdi. 16 590 nafar keksalar va faxriylar teatr va muzeylarga olib borildi, 29 500 nafar nuroniylar mamlakatimizning tarixiy shaharlariga sayohatga olib chiqildi. 55 nafar keksalarga nogironlik aravalari taqdim etildi.

Eng muhimi, ushbu jarayonda nafaqat mahalliy hokimliklar va mahalla kengashlari, “Nuroniy” jamg‘armalari, balki juda ko‘p sonli tadbirkorlar, savobtalab fuqarolarimiz ham o‘z hissasini qo‘shdilar. Bu esa xalqimizga xos o‘lmas qadriyatlar – “Otang mahalla – onang mahalla” degani.

Ushbu bayram tantanalari Madaniyat vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, “Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya fondi va Kasaba uyushmalari Federatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Manba: ko'rsatilmagan / Ko'rishlar: 30

So'rov

Bizning saytimiz sizga yoqdimi?
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech