Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
FUQAROLARNING MUROJAATLARI REGLAMENTI


O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 31 iyuldagi

562-son qarori bilan tasdiqlangan


Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risidagi

NAMUNAVIY NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi O’zbekiston Respublikasining Qonuniga (keyingi o‘rinlarda Qonun deb ataladi) muvofiq fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari (keyingi o‘rinlarda murojaat deb ataladi) bilan ishlash tartibini belgilaydi.

2. O’zbekiston Respublikasi va xorijiy davlatlarning jismoniy va yuridik shaxslari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga murojaat qilish huquqiga ega.

3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

ariza — huquqlarni, erkinliklarni va qonuniy manfaatlarni amalga oshirishda yordam ko‘rsatish to‘g‘risida iltimos bayon etilgan murojaat;

taklif — davlat va jamiyat faoliyatini takomillashtirishga doir tavsiyalarni o‘z ichiga olgan murojaat;

shikoyat — buzilgan huquqlarni, erkinliklarni tiklash va qonuniy manfaatlarni himoya qilish to‘g‘risidagi talab bayon etilgan murojaat;

anonim murojaat — jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar yoki yuridik shaxsning to‘liq nomi, uning joylashgan yeri (pochta manzili) to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilmagan yoxud ular haqida yolg‘on ma’lumotlar ko‘rsatilgan, shuningdek imzo (elektron raqamli imzo) bilan tasdiqlanmagan murojaat;

murojaatning dublikati — aynan bir jismoniy yoki yuridik shaxsning murojaati nusxasi;

takroriy murojaat — avvalgi murojaatlar bo‘yicha qabul qilingan qaror yuzasidan shikoyat qilingan yoki boshqacha tarzda norozilik bildirilgan, shuningdek agar takroriy murojaat tushgan paytda ko‘rib chiqishning qonun hujjatlarida belgilangan muddati tugagan bo‘lsa, avvalgi murojaat o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmaganligi haqida xabar qilingan, aynan bir jismoniy yoki yuridik shaxsdan kelib tushgan murojaat;

elektron murojaat — elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan va elektron hujjatning uni identifikatsiya qilish imkoniyatini beradigan boshqa rekvizitlariga ega bo‘lgan elektron hujjat shaklidagi murojaat.

4. Murojaatlar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga og‘zaki, yozma yoxud elektron shaklda berilishi mumkin.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga telefon orqali qilingan murojaatlar og‘zaki murojaat sifatida ushbu Nizomda belgilangan tartibda qayd etiladi, ro‘yxatga olinadi va ko‘rib chiqiladi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining rasmiy veb-sayti orqali yoki ularning rasmiy elektron pochta manziliga kelib tushgan murojaatlar elektron murojaatlar tarzida qayd etiladi va ushbu Nizomda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi, O’zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va boshqa tashkilotlarning portallari orqali tushgan murojaatlar elektron murojaatlar tarzida qayd etiladi va ushbu Nizomda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.

5. Murojaatlar arizalar, takliflar va shikoyatlar tarzida bo‘lishi mumkin.

Jismoniy va yuridik shaxslar yakka tartibda yoki jamoa bo‘lib murojaat etishlari mumkin.

6. Murojaatlar davlat tilida va boshqa tillarda berilishi mumkin.

7. Jismoniy shaxsning murojaatida jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan va murojaatning mohiyati bayon etilgan bo‘lishi kerak.

Yuridik shaxsning murojaatida yuridik shaxsning to‘liq nomi, uning joylashgan yeri (pochta manzili) to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan va murojaatning mohiyati bayon etilgan bo‘lishi kerak.

Yozma murojaat murojaat etuvchi jismoniy shaxsning imzosi yoki murojaat etuvchi yuridik shaxs rahbarining yoxud vakolatli shaxsining imzosi bilan tasdiqlangan bo‘lishi lozim. Jismoniy shaxsning yozma murojaatini murojaat etuvchining imzosi bilan tasdiqlash imkoni bo‘lmagan taqdirda, bu murojaat uni yozib bergan shaxsning imzosi bilan tasdiqlanib, uning familiyasi (ismi, otasining ismi) ham qo‘shimcha ravishda yozib qo‘yilishi kerak.

Elektron murojaat elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan va elektron hujjatning uni identifikatsiya qilish imkoniyatini beradigan boshqa rekvizitlariga ega bo‘lgan elektron hujjat shaklida bo‘lishi kerak. Elektron murojaat qonunda belgilangan talablarga muvofiq bo‘lishi kerak.

Murojaat etuvchi jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari orqali berilgan murojaatlarga ularning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.

Jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari orqali berilgan murojaatlarga ularning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.

8. Murojaatlarni berish muddatlari, qoidaga ko‘ra, belgilanmaydi. Ayrim hollarda, agar bu fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining murojaatni ko‘rib chiqish bo‘yicha imkoniyatlariga, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini o‘z vaqtida amalga oshirish va himoya qilishni ta’minlash zaruratiga bog‘liq bo‘lsa, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa asoslarga ko‘ra, tegishli fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga murojaatni berish muddati belgilanishi mumkin.

Ariza yoki shikoyat berishning uzrli sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan muddati arizani yoki shikoyatni ko‘rib chiquvchi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan tiklanadi.

9. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxemaga binoan amalga oshiriladi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari ushbu Nizom talablariga muvofiq murojaatlar bilan ishlashda elektron hujjat aylanishi tizimini joriy qilishi mumkin.

10. Fuqarolar yig‘inlarining murojaatlar bilan ishlash sohasidagi faoliyati Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha hududiy kengashlari tomonidan muvofiqlashtiriladi.

2-bob. Murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi

11. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida murojaatlarni qabul qilish, ro‘yxatga olish va ko‘rib chiqish uchun yuborish, shuningdek uning ko‘rib chiqilishini nazorat qilish fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining mas’ul kotibi (keyingi o‘rinlarda mas’ul kotib deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi.

12. Elektron murojaatlar tushgan kunida qog‘ozga bosib chiqarilishi, ish vaqti tamom bo‘lgandan keyin tushgan taqdirda esa — navbatdagi ish kunida qog‘ozga bosib chiqarilishi kerak.

13. Yozma va elektron (qog‘ozga bosib chiqarilgan) murojaatlar mas’ul kotib tomonidan murojaatlarni ro‘yxatga olish jurnaliga tegishli yozuvlarni kiritish, ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha hisobga olish kartochkasini to‘ldirish va murojaatning birinchi sahifasi quyi o‘ng qismida ro‘yxatga olish shtampini qo‘yish yo‘li bilan mas’ul kotib tomonidan ro‘yxatga olinadi.

Murojaatlarni ro‘yxatga olish jurnalida murojaatning tartib raqami, murojaat qilgan jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, yashash joyi, yuridik shaxsning nomi, manzili, murojaatning qisqacha mazmuni, murojaat qabul qilingan sana, dublikat yoki murojaatlarning takroriyligi, nazoratga olinganligi to‘g‘risidagi belgi, ijrochi etib belgilangan shaxsning ismi, sana ko‘rsatilgan holda ijro etish to‘g‘risida belgi ko‘rsatiladi.

Qayd etish shtampida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining rasmiy nomi, murojaatning tushgan sanasi va qayd raqami ko‘rsatiladi.

Murojaatlarning tartib raqamlari har yil boshidan yangidan hisoblanadi.

14. Murojaat pochta orqali konvertda solib berilganda konvertda murojaat va uning ilovalari borligi tekshiriladi.

Konvertda murojaatning mavjud emasligi yoki uning yaroqsizlanganligi, shuningdek murojaatda ko‘rsatilgan ilovalarning yo‘qligi aniqlanganda ikki nusxada dalolatnoma tuziladi, ulardan biri fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organida qoladi, ikkinchisi murojaat qiluvchiga konvertda ko‘rsatilgan manzil bo‘yicha jo‘natiladi.

Tushgan murojaatlar konvertlari murojaat etuvchining manzilini, murojaatning jo‘natilgan va olingan vaqtini aniqlash uchun saqlab qolinishi mumkin.

15. Og‘zaki murojaatlar bilan kelgan jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillari fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) yoxud fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining boshqa mas’ul xodimlari tomonidan qabul qilinadi.

Murojaat qiluvchining shaxsini tasdiqlaydigan hujjatlar tekshirilgandan keyin ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha hisobga olish kartochkasi to‘ldiriladi. Hisobga olish kartochkasi og‘zaki murojaat sifatida ro‘yxatga olinadi.

16. Jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillari fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga og‘zaki murojaat etishganda ular tomonidan taqdim qilingan yozma murojaatlar hamda boshqa materiallar qabul qilinishi va ushbu Nizomning 15-bandiga muvofiq to‘ldirilgan hisobga olish kartochkasiga ilova qilinishi kerak.

17. Ro‘yxatga olingan murojaatlar tushgan paytidan boshlab bir ish kunidan kechikmay fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli)ga yoki uning o‘rinbosariga kiritiladi, u mas’ul xodimni belgilagan holda murojaatni ko‘rib chiqish bo‘yicha rezolyutsiya (topshiriq beradi) qo‘yadi.

18. Rezolyutsiya (topshiriqnoma) qo‘yilgan paytdan boshlab bir ish kuni mobaynida mas’ul kotib murojaatni ijro etuvchi sifatida belgilangan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi xodimiga imzo qo‘ydirgan holda beradi.

19. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga tushgan murojaatlar ularning ish yurituviga qabul qilinishi yoki tegishliligi bo‘yicha boshqa tashkilotlarga yuborilishi mumkin.

20. Qo‘yilgan masalalarni hal etish o‘zining vakolati doirasiga kirmaydigan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga tushgan murojaatlar besh kun muddatdan kechiktirmay fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) tomonidan imzolangan xat bilan tegishli organlarga yuboriladi, bu haqda murojaat qiluvchiga yozma yoxud elektron shaklda xabar qilinadi.

Murojaatni ko‘rib chiqish uchun asossiz ravishda boshqa organlarga o‘tkazish taqiqlanadi.

Agar murojaatlarda ularni tegishli organlarga yuborish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar mavjud bo‘lmasa, u holda ular besh kun muddatdan kechiktirmay asoslantirilgan tushuntirish bilan murojaat qiluvchilarga qaytariladi.

21. Murojaatni to‘liq, xolis va o‘z vaqtida ko‘rib chiqish uchun qo‘shimcha ma’lumotlar, ma’lumotnomalar va materiallarga zaruriyat yuzaga kelgan taqdirda murojaatni ko‘rib chiquvchi murojaat qilgan jismoniy yoki yuridik shaxsdan, shuningdek o‘z vakolatlari doirasida — belgilangan tartibda boshqa organlardan qo‘shimcha axborotni so‘rab olishi mumkin.

22. Agar murojaatda joyning o‘zida o‘rganishni talab etuvchi holat bayon qilingan bo‘lsa, shuningdek boshqa zarur hollarda murojaatni ko‘rib chiquvchi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi murojaatni joyning o‘zida ko‘rib chiqishni ta’minlashi mumkin. Murojaatni joyning o‘zida ko‘rib chiqish fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli)ning topshirig‘i yoki uning roziligi bilan amalga oshiriladi.

23. Murojaatni murojaat qilgan yoki boshqa shaxsning ishtirokisiz ko‘rib chiqishning imkoniyati bo‘lmaganda, ular fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining mansabdor shaxsi tomonidan chaqirilishi mumkin. Chaqirilgan murojaat qiluvchi kelmagan taqdirda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining mansabdor shaxsi murojaatni uning ishtirokisiz ko‘rib chiqish mumkin emasligi to‘g‘risida javob yuboradi.

24. Agar murojaatda o‘rtaga qo‘yilgan masalalar xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatiga daxldor bo‘lsa, ularning vakillari murojaatni ko‘rib chiqishda ishtirok etish uchun fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan o‘z vakolatlari doirasida jalb etiladi.

25. Zarur hollarda murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan tegishli mutaxassislar jalb etilishi mumkin.

26. Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan tegishli qaror qabul qilinadi, bu haqda darhol yozma yoxud elektron shaklda murojaat qiluvchiga xabar beriladi.

Murojaatni qanoatlantirmasdan qoldirish to‘g‘risidagi qarorni fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning o‘rinbosarlari qabul qiladi.

Murojaatga javob xatida murojaatda ko‘rsatilgan har bir masala bo‘yicha vajlarni rad etuvchi yoki tasdiqlovchi aniq asoslar (zaruriyatga qarab qonun hujjatlari normalariga havolalar qilingan holda) bo‘lishi kerak.

27. Murojaatga javob xati fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) yoki uning o‘rinbosarlari tomonidan imzolanadi.

Murojaatlarga javob xati, mumkin qadar, murojaat etilgan tilda bayon qilinadi.

28. Jismoniy yoki yuridik shaxslar jamoa bo‘lib murojaat qilgan taqdirda, ularning murojaatlari qonun talablariga muvofiq ko‘rib chiqiladi. Bunda murojaatga javob murojaat qilganlarning ro‘yxatida birinchi bo‘lib ko‘rsatilgan shaxsga yoki, ularning talabiga ko‘ra, boshqa shaxsga yuboriladi.

29. Murojaat, unda ko‘tarilgan barcha masalalar qonun talablariga muvofiq ko‘rib chiqilgan va murojaat qiluvchiga tegishli javob yuborilgan taqdirda ko‘rib chiqilgan hisoblanadi.

Murojaat qiluvchiga javob yuborilgan kun murojaatni ko‘rib chiqish tugallangan kun hisoblanadi, bu haqda mas’ul kotib murojaatlarni ro‘yxatga olish jurnaliga va hisobga olish kartochkasiga belgi qo‘yadi.

Oraliq javoblar berilgan va to‘liq ko‘rib chiqilmagan murojaatlar ijrodan yoki nazoratdan olinmaydi.

30. Agar murojaatni ko‘rib chiqish jarayonida murojaatning dublikati olinsa, ushbu murojaat avval tushgan murojaat bilan birgalikda ko‘rib chiqiladi hamda natijasi bo‘yicha yagona javob beriladi.

Agar murojaatning dublikati murojaat ko‘rib chiqilgan va javob yuborilgandan keyin olinsa, u holda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi murojaat qiluvchini bu haqda yozma ravishda xabardor qiladi.

31. Nazoratga olingan murojaat ushbu murojaatni nazoratga olgan fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) yoki uning o‘rinbosarlari tomonidan nazoratdan va ijrodan chiqariladi.

32. Jismoniy va yuridik shaxslar o‘z murojaatlarini ular ko‘rib chiqilgunga qadar va ko‘rib chiqilayotgan vaqtda murojaat yuzasidan qaror qabul qilingunga qadar yozma yoxud elektron shaklda ariza berish yo‘li bilan qaytarib olish huquqiga ega. Bunday ariza tushgan taqdirda murojaatni ko‘rib chiqish to‘xtatiladi va uch kun mobaynida murojaat fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining xati bilan murojaat qiluvchiga qaytariladi.

Murojaatni qaytarib olish to‘g‘risidagi ariza fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan qonun buzilishlarini aniqlash va bartaraf etish chora-tadbirlari ko‘rilishini istisno etmaydi.

33. Ko‘rib chiqilgan murojaatlarni va ular bilan bog‘liq materiallarni saqlash mas’ul kotib tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

3-bob. Murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlari

34. Ariza yoki shikoyat masalani mazmunan hal etish shart bo‘lgan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga tushgan kundan e’tiboran o‘n besh kun mobaynida, qo‘shimcha o‘rganish va (yoki) tekshirish, qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish talab etilganda esa bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi.

Ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqish uchun tekshirish o‘tkazish, qo‘shimcha materiallarni so‘rab olish yoxud boshqa chora-tadbirlar ko‘rish zarur bo‘lgan hollarda, ularni ko‘rib chiqish muddatlari tegishli fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) tomonidan, istisno tariqasida, ko‘pi bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin, bu haqda murojaat etuvchiga xabar qilinadi.

35. Taklif fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan olingan kundan e’tiboran bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi, qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan takliflar bundan mustasno, bu haqda taklifni kiritgan jismoniy yoki yuridik shaxsga o‘n kun muddatda yozma shaklda xabar qilinadi.

36. Ayrim hollarda fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) yoki uning o‘rinbosarlari murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlarini qisqartirishlari mumkin.

37. Murojaatlar bilan ishlash muddatlari ular fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga tushgan kundan boshlab hisoblanadi. Agar tegishli muddatning oxirgi kuni dam olish va bayram kunlariga to‘g‘ri kelsa, navbatdagi ish kuni muddat tugaydigan kun hisoblanadi.

4-bob. Murojaatlarni ko‘rmay qoldirish

38. Quyidagi murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi:

anonim murojaatlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari orqali berilgan murojaatlar, ularning vakolatini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lmagan taqdirda;

qonunda belgilangan boshqa talablarga muvofiq bo‘lmagan murojaatlar.

39. Murojaatni anonim deb e’tirof etish mas’ul kotib tomonidan amalga oshiriladi.

Murojaat anonim deb e’tirof etilganda bu haqda xulosa tuziladi. Xulosada murojaatni anonim deb e’tirof etish uchun asoslar ko‘rsatiladi. Murojaatni anonim deb e’tirof etish to‘g‘risidagi xulosa fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) tomonidan tasdiqlanadi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga telefon orqali kelib tushgan murojaatlar qonunda va ushbu Nizomda nazarda tutilgan tartibda anonim deb e’tirof etilishi mumkin.

Anonim deb e’tirof etilgan murojaatlar xulosa tasdiqlangan paytdan boshlab nazoratdan yoki ijrodan olinadi.

40. Jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari orqali berilgan murojaatlar tushganda, mas’ul kotib ularning vakolatlarini tasdiqlaydigan hujjatlar mavjudligini tekshiradi.

Agar murojaatda jismoniy va yuridik shaxs vakilining vakolatlarini tasdiqlaydigan hujjatlar mavjud bo‘lmasa, bu haqda mas’ul kotib tomonidan tasdiqlanadigan xulosa tuziladi.

Jismoniy va yuridik shaxs vakilining vakolatlarini tasdiqlaydigan hujjatlar mavjud emasligi to‘g‘risidagi xulosa tasdiqlangan paytdan boshlab ushbu murojaat ko‘rib chiqilmaydi, bu haqda murojaat qiluvchi yozma ravishda xabardor qilinadi.

5-bob. Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilishni tashkil etish

41. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida belgilangan kunlar va soatlarda jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish tashkil etiladi.

Jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) yoxud boshqa vakolatli shaxs tomonidan amalga oshiriladi.

42. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organida jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillari ushbu fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi (oqsoqoli) tomonidan tasdiqlangan jadvalga asosan qabul qilinadi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi, zaruriyat bo‘lganda, jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish uchun alohida xona ajratadi.

43. Qabul qilish jadvallari va uni o‘tkazish vaqti, joyi hamda qabulga oldindan yozilish tartibi to‘g‘risidagi axborot, shuningdek qabul qilish tartibi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi ma’muriy binosida hamda mahalla go‘zarlaridagi stendlarga yoki boshqa texnik vositalarga joylashtirish orqali manfaatdor shaxslar e’tiboriga yetkaziladi.

Jismoniy shaxs og‘zaki murojaat etayotganda o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni, yuridik shaxsning vakili esa — o‘z vakolatlarini tasdiqlaydigan hujjatni, shuningdek o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatishi kerak.

44. Mas’ul kotib qabulga kelgan jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilishni, shuningdek jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish bilan bog‘liq ishlarni tashkil etadi.

45. Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish mas’ul kotib ishtirokida amalga oshiriladi.

46. Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qiluvchi fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) yoki uning o‘rinbosarlarining ko‘rsatmasi bo‘yicha fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining boshqa xodimlari ham qabul qilish jarayoniga jalb etilishi mumkin.

47. Agar jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini shaxsan qabul qilish paytida murojaatda bayon qilingan masalalarni hal etish fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining vakolatiga kirmasligi aniqlangan taqdirda, ularga murojaatda bayon qilingan masalalarni hal etish uchun qaysi organga yoki tashkilotga murojaat qilish kerakligi tushuntiriladi. Bunda jismoniy shaxslarning va yuridik shaxslar vakillarining talabi bilan bu haqda yozma shaklda javob beriladi.

48. Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) yoki boshqa vakolatli shaxslar tomonidan sayyor shaxsiy qabullar tashkil etilishi mumkin.

Sayyor shaxsiy qabullar vaqtida mas’ul kotib va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining boshqa mas’ul xodimlari ishtirok etishi mumkin.

Sayyor shaxsiy qabullar fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) tomonidan tasdiqlanadigan jadvalga muvofiq o‘tkaziladi.

Zarur hollarda jadvalda nazarda tutilmagan sayyor shaxsiy qabullar o‘tkazilishi mumkin.

Sayyor shaxsiy qabullarni o‘tkazish vaqti, joyi hamda qabulga oldindan yozilish tartibi to‘g‘risidagi axborot ushbu Nizomning 43-bandida belgilangan tartibda manfaatdor shaxslar e’tiboriga yetkaziladi, shuningdek mahalliy ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.

Jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar vakillarining sayyor shaxsiy qabullar vaqtida berilgan og‘zaki murojaatlari ushbu Nizomning 15-bandiga muvofiq rasmiylashtiriladi va ro‘yxatga olinadi hamda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.

49. Jismoniy yoki yuridik shaxs murojaatni qabul qilish va ko‘rib chiqish qonunga xilof ravishda rad etilganligi ustidan bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoxud bevosita sudga shikoyat qilishga haqli.

6-bob. Murojaatlarni ko‘rib chiqishda jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining majburiyatlari

50. Murojaat fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan ko‘rib chiqilayotganda jismoniy va yuridik shaxs murojaat ko‘rib chiqilishining borishi haqida axborot olish, shaxsan vajlarini bayon etish va tushuntirishlar berish, murojaatni tekshirish materiallari hamda uni ko‘rib chiqish natijalari bilan tanishish, qo‘shimcha materiallar taqdim etish huquqiga ega.

Jismoniy va yuridik shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq murojaatlarni ko‘rib chiqishda boshqa huquqlardan ham foydalanadilar.

51. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining murojaatni ko‘rib chiquvchi mansabdor shaxslari yoki boshqa vakolatli shaxslari:

jismoniy va yuridik shaxslarga ularning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga daxldor hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan, agar ularda davlat sirlarini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirlarni tashkil etuvchi ma’lumotlar mavjud bo‘lmasa, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazmasa, tanishib chiqish imkoniyatini ta’minlashi;

murojaatni ko‘rib chiqish natijalari yuzasidan qabul qilingan qarorning ijrosini nazorat qilishi, shuningdek agar jismoniy yoki yuridik shaxslarga uning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari buzilishi natijasida moddiy zarar yoki ma’naviy ziyon yetkazilgan bo‘lsa, qonunda belgilangan tartibda moddiy zararning o‘rnini qoplash yoki ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish chora-tadbirlarini ko‘rishi;

murojaatni ko‘rib chiquvchi mansabdor shaxslar yoki boshqa vakolatli shaxslar ko‘rib chiqish natijalari hamda qabul qilingan qaror haqida murojaat ko‘rib chiqilganidan so‘ng zudlik bilan murojaat etuvchiga yozma yoxud elektron shaklda xabar qilishi shart.

Murojaat yuzasidan qaror qabul qilgan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining mansabdor yoki boshqa vakolatli shaxsi, agar jismoniy yoki yuridik shaxs qarorga rozi bo‘lmasa, uning yuzasidan shikoyat berish tartibini tushuntirishi shart.

7-bob. Murojaatlar ko‘rib chiqilishini nazorat qilish. Murojaatlarni umumlashtirish va tahlil qilish

52. Mas’ul kotib murojaatlar ko‘rib chiqilishini doimiy nazorat qiladi va uning monitoringini olib boradi, ularning o‘z vaqtida va zarur tarzda ko‘rib chiqilishini ta’minlash chora-tadbirlarini ko‘radi.

Mas’ul kotib murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlari va ijrochilar tomonidan buzilishi to‘g‘risida fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli)ni darhol xabardor qiladi.

Mas’ul kotib monitoring natijalari bo‘yicha har oyda fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli)ga murojaatlar ko‘rib chiqilishining holati to‘g‘risidagi axborotni, zaruriyat bo‘lganda, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, murojaatlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishiga yo‘l qo‘ygan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi xodimlariga nisbatan javobgarlik choralarini ko‘rish yuzasidan tegishli takliflar bilan birgalikda taqdim etadi.

53. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, shuningdek jamiyatning manfaatlari buzilishini keltirib chiqaruvchi sabablarni aniqlash va bartaraf etish maqsadida har chorakda murojaatlarni umumlashtirish va tahlil qilishni ta’minlaydi.

Tahlil natijalari bo‘yicha mas’ul kotib fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli)ga murojaatlarni ko‘rib chiqishning qonuniyligini ta’minlash va samaradorligini oshirish, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, shuningdek jamiyatning manfaatlari buzilishini keltirib chiqaruvchi sabablarni bartaraf etish, qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritadi.

8-bob. Murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlari va tartibi buzilganligi uchun javobgarlik

54. Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qabul qilish va ko‘rib chiqishni qonunga xilof ravishda rad etish, ularni ko‘rib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish, yozma yoxud elektron shaklda javob yubormaslik, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga zid qaror qabul qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari tiklanishini, murojaat munosabati bilan qabul qilingan qarorning bajarilishini ta’minlamaganlik, jismoniy shaxslarning shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi yoxud yuridik shaxslarning faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ularning roziligisiz oshkor etish, jismoniy va yuridik shaxsni murojaat qilganligi munosabati bilan yoxud bildirilgan fikri va murojaatidagi tanqid uchun ta’qib qilish, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini boshqacha tarzda buzish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

55. Qonun va ushbu Nizom talablariga rioya etishni ta’minlash uchun javobgarlik fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli)ga, uning o‘rinbosarlari va maslahatchilariga, mas’ul kotibiga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisiga, «Mahalla posboni» jamoatchilik tuzilmasining rahbarlariga yuklanadi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risidagi Namunaviy nizomga
1-ILOVA

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash

sxemasi

1.jpg

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risidagi Namunaviy nizomga
2-ILOVA

‎‎(Old tomoni)


‎‎Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qayd etish kartochkasi


Tartib raqami:‎

‎‎Savol:


‎Murojaat qiluvchi:


Manzili:


Murojaat tushgan sana:‎

‎‎Murojaat qiluvchilar soni:


Murojaatning shakli:‎

‎‎Varaqlar soni:


Qabul shakli:‎

‎‎Dublikat/takroriy


Murojaatning turi:‎

‎‎Oldingi murojaatning sanasi va raqami:


Nazorat turi:‎

‎‎


‎Murojaatning qisqacha mazmuni:


Rezolyutsiyani (topshiriqni) imzolagan rais:


‎‎Raisning (oqsoqolning) rezolyutsiyasi (topshirig‘i):

Bajarish muddati:‎


‎Tarkibiy bo‘linma:

Ijrochi:‎



‎‎‎(Orqa tomoni)


‎Murojaatlarni ko‘rib chiqishning holati


Yuborilgan sana‎

Qayerga yuborilgan‎

‎‎Javob xatining raqami va sanasi


‎‎


Muddati uzaytirilgan:‎

‎‎‎Kim tomonidan: (imzo)


Javob xati kelgan sana:‎


Ko‘rib chiqish natijalarining qisqacha mazmuni:


Nazoratdan olindi (kim tomonidan):‎‎

Sana:

‎Bajaruvchining imzosi:
‎‏
‎‎Bajarilgan sana:




‎‎Murojaatni ko‘rib chiqish muddati buzilganligi haqidagi belgi:


Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech