Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

Dastlabki insonparvarlik g‘oyalari zardushtiylik dinining muqaddas kitobi bo‘lmish «Avesto»dan o‘rin olgan. Unda to‘rtta asosiy masalalar, ya’ni insonlarning jamiyatdagi ijtimoiy faolligi, inson huquqlarining ustuvorligi, xususiy mulk hamda insonlarning jamiyat va davlat boshqaruvidagi faol ishtirok etishi alohida ajratib ko‘rsatiladi.

Aynan «Avesto»da ilk jamoaviylikning paydo bo‘lishi va rivojlanishi, insonlarning jamoa bo‘lib yashash tarzi, ular o‘rtasidagi munosabatlar, jamoa hayotiga bog‘liq masalalarni birgalikda hal etish, davlat va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlar va boshqa shu kabi masalalar tartibga solingan.

Xususan, unga ko‘ra nmana katta patriarxal oilani, bir necha nmanalarning birikuvi, urug‘ jamoasi ya’ni visni tashkil etgan. Muayyan hududdagi qo‘shni vislar birikuvidan varzana – hududiy qo‘shnichilik jamoasi, ularning uyushuvidan zanti – qabila yuzaga kelgan.

Qabilalarning o‘zaro birlashuvi esa daxiyuni, ya’ni qabilalar ittifoqini vujudga keltirgan. Buning isbotini bronza davrining yodgorligi bo‘lgan Sopollitepa qishlog‘i tarixida ko‘rish mumkin. Qishloq o‘troq dehqonchilik xo‘jaligi asosida tashkil topgan 8 ta katta oila jamoasi bo‘lib, ularni 8 ta oqsoqol boshqargan, ular birligidan Oqsoqollar Kengashi tuzilgan.

Ushbu tuzilma va uning tarkibi, «Avesto»da bayon etilgan davlatni boshqaruv tizimiga aynan mos keladi. Unda ilk jamoaviylikning paydo bo‘lishi va rivojlanish bosqichlarining qayd etilishi bilan bir qatorda, mazkur jamoa yetakchilari ma’lum bir vakolatlarga ham ega bo‘lganligini ham kuzatishimiz mumkin.

Jumladan, mazkur davrda ishlab chiqarish, jamoalarni boshqarish saylangan oqsoqollar qo‘lida bo‘lib, ular jamoa hayoti bilan bog‘liq barcha ishlarni Oqsoqollar Kengashi orqali hal etishgan.

Oqsoqollar Kengashining mahalliy ahamiyatga molik ishlarni bajarishdagi vakolatlari g‘oyatda keng bo‘lib, uni qo‘lida jamoaning kundalik ishidagi xo‘jalik muammolarini hal etish bilan birga diniy va dunyoviy hokimiyat ham to‘plangan.

Boshqaruv tizimiga ko‘ra, jamoa tomonidan oqsoqol ayni paytda, o‘z oila jamoasi uchun diniy va dunyoviy boshliq bo‘lgan. Urug‘-qishloq oqsoqoli esa, Oqsoqollar Kengashining boshlig‘i bo‘lishi bilan bir qatorda butun qishloq aholisining ham boshlig‘i hisoblangan va o‘z navbatida, Oqsoqollar Kengashining boshlig‘i qishloqda istiqomat qiladigan jamoaning manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan bir qator vakolatlarni amalga oshirgan. Boshqacha aytganda, bu davrda davlatning shakllanishida mahalla hal qiluvchi omil bo‘lib xizmat qilgan.

Bundan tashqari, miloddan avvalgi III asrdan to milodiy V asr boshlarigacha qadimgi Parkana (Fag‘ona) davlatida ham jamoalar hayoti bilan bog‘liq masalalar ham oqsoqollar kengashi orqali hal etilgan.

O’sha davrdagi jamoa birlashmalari, ya’ni mahalla deganda, bir necha oilani birlashtirgan, muayyan hududni makon tutgan, diniy, madaniy qadriyatlar bilan ajralib turadigan ijtimoiy tuzilma tushunilgan. Albatta ularning faoliyatida urug‘chilik munosabatlari ustunlik qilib turgan.

Bu davrda jamoalarning manfaatlari birinchi o‘ringa qo‘yilib, bevosita ularning manfaatlari oqsoqollar kengashi tomonidan himoya qilingan va ular mahalliy ahamiyatga molik masalalarni hal etishda mustaqil bo‘lgan. Bu esa o‘z navbatida, butun tarix davomida mahalla insonlar bilan birga, ularning yaxshi va yomon kunlarida hamnafas bo‘lib, muhtojlar, zaiflarga yordam qo‘lini cho‘zib kelish vakolatlariga ega bo‘lganligidan dalolat beradi.

Mahalla instituti va u tomonidan amalga oshirilgan vakolatlar masalasi O’rta asrlarda ham o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lgan.
Shu sababli, ushbu masalalar o‘tmishdagi Sharq mutafakkir – olimlar, davlat va jamoat arboblarining ham e’tiboridan chetda qolmagan.

Xususan, Sharq mutafakkirlari Muhammad Muso al-Xorazmiy, Muhammad al-Farg‘oniy, Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Yusuf Xos Hojib, Abu Ja’far Narshaxiy, Mahmud Qoshg‘ariy, Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk allomalar asarlarida adolatli jamiyat va insonning qadr-qimmati ulug‘lanishi bilan bir qatorda jamoa (mahalla) bo‘lib yashash tarzi, uning jamiyat hayotidagi o‘rni, jamoa tomonidan amalga oshiriladigan vazifa
va vakolatlari to‘g‘risida ko‘proq fikr-mulohazalarni uchratish mumkin.
Bu fikrlar hamma vaqt ham insoniyatning e’tiborini o‘ziga jalb qilib kelgan va uning jamiyatdagi o‘z o‘rnini belgilab olishida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan.

Jumladan, biz savdo-hunarmandchilik mavzelarini ifodalovchi «mahalla» atamasini birinchi marta sharq ilk uyg‘onish davri mutafakkirlaridan bo‘lgan Mahmud Qoshg‘ariyning «Devonu lug‘otit turk» asarida uchratamiz. Bu davrda ushbu institutning asosiy vakolati – aholining turmush faoliyatini jamoa doirasida ijtimoiy-hududiy jihatdan tashkil etishdan iborat bo‘lgan. Shuningdek, o‘zini o‘zi boshqarish organlarining mavjudligi, faoliyati va ularning tashkiliy vazifa va vakolatlari xususida Yusuf Xos Hojibning «Qutadg‘u bilig» asarida ham uchratishimiz mumkin.

Xususan, u o‘z asarida ezgulik jamiyati va unga erishish yo‘llarini ko‘rsatib o‘tadi. Uning fikricha, insonda to‘rt holat, ya’ni «abadiy tiriklik» – bu inson ruhining mumtoz bir ruhga aylanishi (komillashishi); «abadiy yoshlik» – ko‘ngilning hamisha sir-asror uchun uyg‘oq turishi; «doimiy sog‘liq» – insonning hamisha barcha masalada o‘z fikriga, qarashiga ega bo‘lishi; «tuganmas boylik» – cheksiz bir ma’naviyatga ega bo‘lish mujassamlanadi.

Qadimgi Sharqning taniqli mutafakkirlaridan biri Abu Ja’far Narshaxiy IX - asrda yozgan «Buxoro tarixi» asarida esa, Buxoroda bundan 1100 yil ilgari 19 ta katta-katta mahallalar mavjud bo‘lganligi, bu mahallalar o‘zini o‘zi idora qilib, o‘z vakolatlariga ega bo‘lganligi, bu Qadimgi Sharq mamlakatlari, jumladan, O’zbekiston hududida vujudga kelgan ilk davlatlar va ularning boshqaruv faoliyatida ham yorqin ifodasini topganligini ta’kidlab o‘tgan.

U o‘z asarida «Kuyi Alo», «Kuyi bikor», «Kuyi rindon», «Samarqand darvoza», «Faxsodara darvoza», «Gardun Kashon», «Darvozayn Mansur», «Kuyi dehqon», «Kuyi Mukon», «Kuyi Kox» kabi o‘ndan ortiq mahallalar bo‘lganligini va ular hududlardagi muammolarni hal qilish vakolatlariga ega bo‘lganligini qayd qilib o‘tgan. Bu borada L.Levitin ta’kidlaganidek, «Hozirgi O’zbekiston hududida bo‘lgan shaharlardagi mahallalarning ayrim mavzelari o‘sha paytlardayoq shu qadar katta edilarki, ularni shaharning mustaqil qismi sifatida ko‘rib chiqish mum-kindir. Mahallaga obro‘li shaxslar – umumiy yig‘ilishda saylanadigan shayx yoxud yuzboshi rahbarlik qilar edi. Har bir mahalla o‘zining ko‘kalamzor hududida mas-jid va choyxona joylashgan jamoatchilik markaziga ega bo‘lgan. Mahalladagilar har xil turdagi jamoat ishlari o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan umumiy asbob-anjom-larga ega bo‘lishgan».

Keyinchalik mahalla va u tomonidan amalga oshirilgan vakolatlar masalasi X-XIII asrlarda Sharq mutafakkir olimlarining ham asarlarida uchraydi. Xususan, Beyhaki o‘zining «Ma’sud tarixi» asarida rais (hokimi)ning buyrug‘iga asosan bayramlarni o‘tkazish, obodonlashtirish ishlari bilan shug‘ullanish, jamoa bo‘lib shahar devorlarini ta’mirlash
va hatto harbiy sport o‘yinlari hamda musobaqalar oqsoqollar ishtirokida o‘tkazilganligi bayon etiladi.

Ko‘rinib turibdiki, bu davrda mahallalar obodonlashtirish, hasharlar uyushtirish, hududdagi turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish va shu kabi vakolatlarga ega bo‘lgan.

Ta’kidlash kerakki, O’zbekiston hududida X asrdayoq «mahalla» atamasi savdo-hunarmandchilik kasblarini belgilovchi atama sifatida uchraydi. Bu davrlarda mahalla uch asosiy yo‘nalishda o‘z vakolatiga ega bo‘lgan. Xususan, shahar hududini orasta saqlash, tegishli hududda istiqomat qiluvchi aholi joyi hamda mahalliy aholining turmush tarzini to‘g‘ri tashkil etilishini ta’minlash, davlat va mahalliy tadbirlarni o‘tkazishda ularga rahbarlik qilish borasidagi vakolatlarni amalga oshirgan.

Abu Nasr Farobiy bundan 1100 yil oldin Sharqda ilk bor «davlat», «jamiyat», «boshqaruv» singari ijtimoiy tushunchalarni falsafiy jihatdan talqin qilgan. U o‘zining asarida: «Har bir inson tabiatdan shunday tug‘ilganki, u yashash va oliy darajadagi yetuklikka erishmoq uchun ko‘p narsalarga muhtoj bo‘ladi, ammo bir o‘zi bunday narsalarni qo‘lga kirita olmaydi. Ularga ega bo‘lish uchun insonlar jamoasiga ehtiyoj tug‘iladi. Bunday jamoa a’zolarining faoliyati bir butun holda, ularning har biriga yashash va yetuklikka erishuv uchun zarur bo‘lgan narsalarni yetkazib beradi. Shuning uchun inson shaxslari ko‘paydilar va yerning aholi yashaydigan qismiga o‘rnashdilar, natijada inson jamoasi vujudga keldi», deb e’tirof etgan.

Shuningdek, u fozil shahar (davlatni) ijtimoiy uyushishning yetuk shakli, insoniyat kamolotga erishuvining zaruriy vositasi, deb hisoblab, dunyoda yagona inson jamoasini tuzish haqida orzu qilgan.

Mutafakkir o‘zining siyosiy va huquqiy qarashlarida «fozil shahar», ya’ni mahalla, davlat qurilishi muammolariga e’tiborini qaratganligini, buni jamoa boshqaruvi deb bemalol atasa bo‘lishini, zotan, fozil shahar – davlat (demak, mahalla ham) fozil jamoa, unda yashovchilarning tabiatiga mos birlashma – uyushma bo‘lgandagina boshqaruv va birlashuvning jamoa tizimiga ega bo‘lishini ta’kidlaydi. Bu davrda mahallalar el-ulus uchun erkinlik, ozodlik sari yo‘l ochgan va bu erkinlik va ozodlikdan qay darajada foylanishni o‘rgatgan.

Bu olimning fikrlari Abu Ali ibn Sino asarlarida rivojlantirildi. Ibn Sino rahbar xalqsiz bo‘la olmaganidek, xalq ham rahbarsiz bo‘la olmaydi, deb hisoblaydi. U o‘zining «Uy xo‘jaligi to‘g‘risida»gi traktatida boshqaruv (ilm)ga alohida to‘xtalib, uni insondan juda katta aql, iroda va mehnat talab etuvchi juda muhim ilm deb hisoblaydi. «Insonlar jamoa bo‘lib, yashashlari uchun o‘zaro muloqotda, turli munosabatda bo‘lishlari, bir-birlarining ehtiyojlarini qondirish uchun xizmat qilishlari va umumiy intilish, maqsadga ega bo‘lishlari lozim». Ushbu fikrlardan ham ko‘rinib turibdiki, bu davrlarda mahallalar insonlarning ehtiyojlarini qondirish, ya’ni ularning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan vakolatlariga ega bo‘lgan.

Abu Rayxon Beruniy bundan ming yil avval yaratgan «Hindiston» asarida jiddiy ilmiy tadqiqotlar qilish bilan birga bu mamlakat tarixi, geografiyasi etnografiyasi haqida boy ma’lumotlarni yozar ekan, muhim bir fikrni aytadi: «Har bir xalqning udumlari ko‘p yillar tajribadan o‘tgan o‘sha xalqning yashash tarzi, dunyoqarashi bilan uyg‘unlashib ketgan» – degan qarashlarni bildiradi. Bundan ko‘rinib turibdiki, bu paytda mahallalar aholining yashash tarzida vujudga keladigan barcha mahalliy ahamiyatga molik masalalar bilan shug‘ullangan.

Shuningdek, Beruniy kishilik jamiyati, insonlar uyushmasining vujudga kelishi ta’limotini yoqlaydi. Uning fikricha, insonlar ehtiyoj tufayli birga yashashga ishtiyoq sezadilar. «Hamma gap shundaki, (inson) ehtiyojlarining ko‘pligi va himoya vositalaridan mahrum bo‘lganda chidamsizligi hamda dushmanlarning serobligi orqasida, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va har biri o‘zini ham, boshqalarni ham ta’minlaydigan ishni qilish maqsadlarida o‘z hamtovoqlari bilan jamiyat bo‘lib birlashishga majbur bo‘lgan edi».

Sharqning buyuk shoiri Alisher Navoiy ham o‘z asarlarida jamiyat va inson munosabatlarining etnik va estetik muammolariga e’tiborini qaratgan. U o‘zining «Xayratul – abror» asarida Hirot shahrini 100 ta shaharchadan – mahallalardan tashkil topgan go‘zal joy deb talqin qiladi. Mahallalarning hududlari, har bir mahallalarda fuqarolarning hayot kechirishi, faoliyati bilan bog‘liq binolar: masjid, bozor, choyxona, do‘kon, hammom, sartaroshxonalar va boshqalar haqida bayon qiladi.

U o‘zining «Majolisun-nafois» tazkirasida mahallaning hayotda tutgan o‘rni va nufuzi, mahalladoshlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, tenglik, shohu-gadoning bir-biriga bo‘lgan munosabatida g‘amxo‘rlik qadrlanganligini yozadi.

Bundan kelib chiqib, ushbu davrda mahallalar hududlarni obodonlashtirish, saranjom-sarishta qilish, ularni ozoda tutishni nazorat qilish, aholiga yordam ko‘rsatish, yo‘qsil bechoralarning ahvolini chuqur hayrixohlik bilan hal etish, maqbaralarni ta’mirlashda bosh-qosh bo‘lish va boshqa shu kabi vakolatlarni amalga oshirganligi borasidagi xulosaga kelish mumkin.

Mahallalar, ayniqsa, Amir Temur tuzgan davlatda jadal rivojlangan va ularning vakolatlari yanada kengaytirilgan. Bu davrda ham mahalla oqsoqoli – «kadxudo» deb atalgan hamda mahalliy aholi tomonidan saylangan va unga e’tibor, ishonch katta bo‘lgan hamda zimmasiga javobgarlik, mas’uliyat yuklanib, ularga boshqaruv masalalarida katta vakolatlar berilgan.

Jumladan, «Temur tuzuklari»da: «Kadxudolar dehqonlar va ekin maydonlariga ishlov beruvchilar ko‘ngligini xushnud etib, o‘zlariga qaratsinlar. Faqiru miskin, biron kasb qilishga ojiz – ko‘rlarga nafaqa belgilasinlar, deyilgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, bu vaqtlarda mahallalar fuqarolarning kasb-kori asosida tashkil etilgan bo‘lib, etikdo‘zlar, pichoqchilar, temirchilar bir joyda yashab mehnat qilishganlar.

Bu haqda «Temur tuzuklari»da yozilishicha, Sohibqiron o‘zi barpo etgan bepoyon va qudratli saltanatni boshqarishda mahallaning mutasaddi shaxslariga tayangan, ular bilan yaqin muloqotda, doimiy mashvaratda bo‘lgan, kezi kelganda ularning faoliyatini bevosita qo‘llab – quvvatlagan.

Shuningdek, bu davrda mahallalarning rivojlanishi milliy davlatchilik rivoji bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan. Shuning uchun Amir Temur davrida – o‘zbek davlatchiligi yangidan shakllanib, yuksalish yo‘liga kirgan paytlarda mahallalar kundan-kun obod, fayzli bo‘lib borgan
va vakolatlari kengaygan. Buni Ibn Arab-shox, Ibn Xoldun, Klavixo kabi xorijiy sayyox va tarixchilar ham o‘z asarlarida qayd etgan. Amir Temur zamonida hatto xarbiy qo‘shin ham mahalla usulida yashagan.

Bu haqda Klavixo shunday ma’lumot beradi: «Qarorgohda har bir qo‘shin to‘dasida istagan kasb egasi ustalarini topish mumkin edi. Har bir to‘da alohida mahallalarga bo‘lingan. Buguni emas, qo‘shin hamma vaqt o‘zi bilan birga chodir-ham-momni ham yulib yurar, hammomchilar muayyan joyda darxol chodir tikib, qozonda suv qaynatib, hamma zarur narsalarni hozirlab, isitiladigan hammom xonalari qurar edilar».

Amir Temur tomonidan odamlarning mahalla turidagi hayot tarzi g‘oyasi harakatdagi harbiy qo‘shin zimmalariga ham joriy qilingan edi. Harbiy qismlar ham, huddi mahalla singari muxtoriyatga ega bo‘lib, o‘z o‘zini ta’minlay olishi kerak edi (mazkur davrda har bir mahallada o‘zini o‘zi ta’minlashi uchun har bir askar hunarmand, novvoy, hammol, sartarosh, temirchi, etikdo‘z, tikuvchi, qandolatchi, musiqachi yoki boshqa kasb egasi bo‘lishi lozim bo‘lgan).

Sohibqiron tomonidan mahalla tizimiga berilgan bunday e’tibor natijasi Zahiriddin Muhammad Bobur davrida ham yanada takomillashtirildi. U podshohlik taxtiga o‘tirishi bilan davlat ishlari bilan bir qatorda jamiyat ishlariga, xususan ko‘p yillar davomida shakllanib kelayotgan milliy an’analar, odatlar, qadriyatlarga alohida e’tiborini qaratdi. Bu davrda mahallalar fuqarolar o‘rtasidagi tinchlik va totuvlikni ta’minlash bilan bir qatorda, o‘z hududida istiqomat qiladigan boshqa xalqlarning ham urf-odatlari, ana’analari
va qadriyatlariga bir xil munosabatda bo‘lish kerakligi haqida tushuntirish ishlarini olib borgan.

Shuningdek, u o‘zining «Mubayyin» asarida fuqarolarning tinchligi va osoyishtaligi uchun to‘rt unsur, ya’ni tuproq, suv, o‘t, shamol uyg‘unlikda bo‘lishi kerakligini va bunda albatta jamoa oqsoqollaridan katta mas’uliyat talab qilinishini e’tirof etadi.

Ko‘rib turganimizdek, mahalla bu davrida juda ham gullab yashnagan va ular xalq bilan juda yaqin bo‘lishga qaratilgan bir qator yuqorida nazarda tutilgan vakolatlarga ega bo‘lgan. Albatta, mahallaning bunday rivojiga ulug‘ mutafakkirlarimiz ham o‘zlarining munosib hisslarini qo‘shganlar. Aynan mazkur masala yuzasidan Davlatimizning birinchi rahbari I.A.Karimov to‘xtala turib, «odam shular haqida o‘ylar ekan, uzoq tariximizda mahalla, degan idoraning o‘zbek zaminida paydo bo‘lishida tashabbuskor, sababchi bo‘lgan ajdod-avlodlarimizga har qancha ta’zim qilsa arziydi», degan fikrlarni bildiradi.

Ta’kidlash kerakki, temuriylar davridan keyingi inqiroz davrlarida, ayniqsa, O’rta Osiyo hududi uchta xonlikka bo‘linib ketganidan so‘ng mahallalar rivojida uncha katta siljish ko‘zga tashlanmadi.
Bu bosqichda o‘nboshi, ellikboshi, yuzboshi va amin kabi mahalliy boshqaruv tizimidagi amaldorlarga katta huquq va vakolatlar berildi. Ularning hukmlari qonun darajasida qabul qilinib, so‘zsiz bajarilgan, ammo bu amaldorlar faoliyatini nazorat qiluvchi jamoatchilik fikri rivojiga e’tibor berilmagan. Bu esa, ko‘p hollarda mahalliy amaldorlarning haddan oshishi, xalqni ezishi, undan o‘rinsiz soliq va to‘lovlar undirishiga olib kelgan. Natijada odamlarning ijtimoiy ahvoli, mahallalarning rivoji yomonlashib, ularning vakolatlari cheklana boshlandi.

Xususan, shahar, qishloq boshqaruv tizimida tuman boshlig‘i tasarrufida uchastka (bo‘lim) pristavi bo‘lib, unga mahalla oqsoqollari, ellikboshi, o‘nboshilar bo‘ysuntirildi. Mazkur davrda mahallaga Omin rahbarlik qilib, unga katta huquq va vakolatlar berilgan.

Jumladan, uning vakolatiga ayrim soliqlarni yig‘ish; mulkiy va oilaviy nizolarni hal etish; qozining ba’zi hukmlarini ijro etish; mahallada bo‘shab qolgan hovli va yerlarni rasmad (taqsimlash) etish; suv xavzalari, mahalla ozodaligini ta’minlash va nazorat qilish; mahalla xavfsizligini ta’minlash; har ko‘cha doirasida hal etiladigan masalalarga munosabat bildirish; mahalla hududidagi savdo ishlarini nazorat etish va boshqalar kirgan. Ko‘rinib turganidek, bu davrdagi mahallarning vakolatlari qo‘proq davlat organlari zimmasidagi vakolatlarga yaqin bo‘lgan.

Bu davrda Toshkent shaharliklar tomonidan tan olinib, saylangan hokimi mutlaq hali qaror topmagan edi. Shu boisdan shahar to‘rt mustaqil dahalarga ajratilib boshqarilgan. Har bir dahaning boshqaruv ma’muriyati jamoatchilik asosida saylangan oqsoqoli, qozisi, raisi, muftiysi, imomu so‘filaridan iborat bo‘lgan va mazkur boshqaruv ma’muriyati mahalliy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan o‘zlarining bir qator vakolatlariga ega bo‘lgan.

Bu davrda mahalla, (mahallat, yer, daha, jamoa, el, yurt kabi) bir qancha nomlar bilan yuritilgan hamda shahar jamiyatining nafaqat hududiy, shu bilan birga, eng quyi birligi hisoblanib, o‘z vakolatlarini amalga oshirishda odamlarning avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan o‘zlarining qon-qarindoshlik va ruhiy yaqinlik haqidagi tasavvurlariga tayangan.

Har bir dahaning o‘z oqsoqollari, qozilari va ma’muriy boshqaruvidagi boshqa alohida mansablari bo‘lgan. Dahalar Qo‘qon xonligi davrida shaharning obro‘li xonadon vakillaridan tayinlangan oqsoqollar tomonidan boshqarilgan bo‘lsa, Rossiya imperiyasi istilosidan so‘ng mingboshilar tomonidan idora qilingan. Ayrim hollarda esa bir necha mahallalarga tavochilar biriktirilgan. Dahalar tarkibidagi mahallalar boshqaruvi esa ellikboshilar qo‘lida bo‘lgan.

Mahallaga boshchilik qilgan shaxslar mahalladagi barcha jamoat ishlari va marosimlarini boshqarganlar, shuningdek, fuqarolarning shahar yig‘inlari va muassasalarida mahalla manfaatlarini himoya qilish vakolatiga ega bo‘lganlar. Mahallaning jamoa tartibi o‘zini o‘zi boshqarish tizimi bilan belgilangan, uni boshqaruvchi vakillar umumiy yig‘inlarda saylanganlar. Jamoa boshlig‘i qilib, ko‘pincha boy bo‘lmagan, o‘rta hol, katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan hurmatli kishini saylaganlar. U fuqarolar o‘rtasida hurmat e’tiborga ega bo‘lishi va shahar yig‘inida, daha sudida mahalla manfaatlarini munosib himoya qila olishi lozim bo‘lgan.

Shuningdek, bu davrda ayollarning ijtimoiy hayotiga oqsoqollar tomonidan saylab qo‘yilgan kayvoni rahbarlik qilgan. Kayvoni lavozimiga mahallada katta hurmat qozongan va o‘zbek turmush tarzini, urf-odat va an’analarini butun nozikligi bilan biladigan, serg‘ayrat, faol, tashkilotchilik qobiliyatiga ega, odob-ahloqi bilan obro‘-e’tibor qozongan ayol loyiq ko‘rilgan. Unga xodima yoki dasturxonchi ko‘maklashgan. Bu vazifaga ko‘pincha beva xotinlarni saylaganlar, chunki ularning bo‘sh vaqti ko‘p bo‘lgan hamda bu ish ularga qo‘shimcha daromad keltirgan.

Bu davrda mahalla faollarining asosiy vakolatlari jamiyat hayotida tartib saqlanishini ta’minlash; barcha an’anaviy me’yorlarning bajarilishi ustidan nazorat o‘rnatish; mahalla ahlining milliy urf-odatlarga rioya qilishlarini nazorat qilish; urf-odatlarni buzgan va jamoat majburiyatlaridan bo‘yin tovlaganlarga tegishli chora ko‘rish; asrlar davomida saqlanib kelinayotgan o‘zaro hamjihatlikda yashash qoidalariga nechog‘lik amal qilinib kelinayotganligini nazorat qilish; xo‘jalik ishlarini, iqtisodiy tadbirlarni, tarbiyaviy vazifalarni, saram-jon-sarishtalik va tartib intizomni saqlab turish; jinoiy ishlarning oldini olish; yoshlar tarbiyasi bilan shug‘ullanish; uy-joylarni oldisotdisi, to‘y-maraka, maro-simlarni uyushtirish; qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasidagi nizolarni bartaraf etish; bemor-larni yo‘qlash, farzand ko‘rgan oilalarni qutlash masalalariga e’tibor berish; mahallani, mahalladoshlarning tinch-totuvligi, oilaviy ahilligi, do‘stligi, biro-darligi, inoqligini taminlash va mustahkamlash; ariq-hovuzlarni tozalash, yangi, obod ko‘chalar, yo‘llar qurish va boshqa mahalla obodonchiligi bilan bog‘liq jamoat ishlarini uyushtirish hamda boshqa sh.k. vakolatlardan iborat bo‘lgan. Ushbu ishlar hashar yo‘li bilan amalga oshirilib, unda aholining balog‘atga yetgan qismi, ko‘proq erkaklar qatnashgan. Hasharda har bir oiladan bir-ikki kishi ishtirok etishgan.

Bir so‘z bilan aytganda, mahalla oqsoqoli zimmasida juda ko‘p katta mas’uliyatli vakolatlar turgan bo‘lib, uning e’tiboridan hech narsa chetda qolmagan. Shuning uchun ham uning ijtimoiy adolatga asoslangan so‘zlari, o‘gitlari, maslahatu tanbehlariga mahalladagi hamma odamlar, yoshlaru keksalar, xotin-qizlar so‘z-siz amal qilishgan.

Mahallalar 1917 yilgacha bo‘lgan davrda juda keng ish olib borib, mahalliy aholini birlashtiruvchi tashkiliy tuzilma bo‘lgan. Sobiq sho‘rolar hokimiyati mahallalarni tuman, shahar, qishloq kengashlari rahbarligida boshqargan. Lekin u davrda mahallalar boshqaruv tizimi sifatida «chalajon» holatga keltirib qo‘yilgan. Ular xalqning dastlabki jamoat tashkiloti sifatida faoliyat ko‘rsatishi uchun hech qanday huquq, vakolat, imkoniyatga ega bo‘lmagan hamda mahalliy hokimiyat organlarining quyi bo‘g‘ini sifatida qaralgan. Ammo shunga qaramay, sho‘rolar davrida hukmron tuzum va mafkura mahallalarni rasman tan olmasa-da, biroq aholining chuqur noroziligiga sabab bo‘lmaslik uchun mahallalarni taqiqlay ham olmagan, uni jamiyatni boshqarish tizimiga kiritmagan.

Bir so‘z bilan aytganda, sovet hukumati mahallaga o‘z umrini yashab bo‘lgan o‘tmish sarqiti sifatida qaragan. 20-yillar boshlaridan sovet hukumating uni vazifa va vakolatlarini cheklash, o‘ziga bo‘ysundirishga intildi. Bu esa o‘z navbatida mahalla faoliyatiga o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Biroq, mahalla o‘zining yashovchanligini namoyon etib, an’anaviy hayot
va aloqa tarziga qarshi har qanday hujumlarga va ularni yo‘qotish yo‘lidagi urinishlarga dosh berdi.

Bu masalaga baho bera turib, L.Levitin quyidagilarni ta’kidlaydi: «O’zbeklarning ko‘pgina an’anaviy ijtimoiy tuzilmalariga qarshi chiqqan sovet hokimiyati mahalla bilan olishishda chekinishga majbur bo‘ldi.
Bu hokimiyatning mahallaga tishi o‘tmadi. 1932 yilda «O’zbekiston SSR shaharlaridagi mahalla (kvartal) qo‘mitalari to‘g‘risida» Nizom chiqdi.
Ular yangi sotsialistik tuzilmalar bilan birga mavjud bo‘lishi, bu tuzilmalarni to‘ldirishi kerak, degan qaror qabul qilindi.

1935-1936 yillarda mahallalar (oqsoqol) boshchiligida mahalla komitetlari tashkil etilib, aholi o‘rtasida olib boriladigan barcha ishlarni rais boshqargan. Rasmiy doiralar mahalla idoralariga aholini hisobga olish va ma’lumotnomalar berish hamda yuqori tashkilotlarga hisobot taqdim etish vakolatlarini yuklagan.

1938 yil 15 sentyabrda O’zbekiston SSR Oliy Kengashi Prezidiumi Qarori bilan «O’zbekiston SSR shaharlaridagi mahalla (kvartal) qo‘mitalari to‘g‘risida»gi Nizom hamda tegishincha mahalla qo‘mitalari bekor qilingan hamda ularning funksiyalari rayon va shahar kengashlari tomonidan bajarilishi ko‘zda tutilgan. Biroq, xalq turmush tarzini majburlab singdirish hamisha salbiy oqibatlarga sabab bo‘lishi bois, aynan ushbu kamchiliklar oradan ikki yil o‘tib, 1940 yilda boshqaruv tizimida mahalla qo‘mitalarini qayta tiklash to‘g‘risidagi masalaga qaytish uchun sabab bo‘ldi hamda mahalliy kengashlarning ijtimoiy salohiyatini chuqur anglagan holda sovet hokimiyati mahallani yuridik qonuniylashtirishga majbur bo‘ldi. Natijada 1940 yil 10 iyuldagi O’zbekiston SSR xalq komissarlari soveti qarorida O’zSSR shaharlarida mahalla (kvartal) qo‘mitalarini tashkil etish zarur deb hisoblanishi hamda «O’zbekiston SSR shaharlaridagi mahalla (kvartal) qo‘mitalari to‘g‘risida»gi Nizom tasdiqlanishi ko‘zda tutildi.

1941 yilda O’zbekiston SSR xalq komissarlari soveti «O’zbekiston SSR shaharlaridagi mahalla (kvartal) qo‘mitalari to‘g‘risida»gi nizomning yangi tahririni qabul qildi. Unga binoan, mahalla komitetlari a’zolari mehnatlariga hech qanday haq olmas edi. Mahalla komitetlari moliyaviy-xo‘jalik ishlari (oshxonalar, qizil choyxona, sartaroshxonalar ochish
va ularni ishlatish) bilan shug‘ullanishi mumkin emas edi, ular yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan. Uning asosiy vakolatlari mahalla hududidagi sovet, partiya va jamoat tashkilotlariga madaniy-ommaviy ishlarda yordam berish, ko‘chalar, maydonlar, hovlilarni obodonlashtirish hamda tabiiy jihatdan ularni nazorat qilishdan iborat bo‘lgan.

Shuningdek, militsiya organlariga pasportlashtirish va ro‘yxatga olish ishlarida yordam bergan. Ular aholini ro‘yxatga olgan, lekin fuqarolarga o‘z nomidan ma’lumotnomalar bera olmagan. Boshqacha aytganda, bu davrda mahalla bor edi-yu, ammo boshqaruv tizimida uning o‘rni, kuchi yo‘q edi, ya’ni fuqarolar hayotiga daxldor kichkinagina yumushni hal qilishga vakolati yetishmasdi.

Rossiyalik tarixchi olim S.N.Abashinning fikriga ko‘ra, sovet hokimiyati yillarida ular tomonidan mahallaga kundalik boshqaruvning qo‘shimcha instrumenti sifatida qaralgani va keyinchalik mahallaga keng vazifa va vakolatlar yuklatilgan ijtimoiy institut sifatida g‘oyaviy jihatdan qaray boshlaganini ta’kidlaydi.

1953 yil 3 aprelda O’zbekiston SSR Ministrlar kengashining «O’zbekiston SSR shaharlaridagi mahalla (kvartal) qo‘mitalari to‘g‘risida»gi Qarori qabul qilinib, unda mahallalarning soliq yig‘ishdagi amaliy vazifasi o‘z dolzarbligini yo‘qotdi. Asosiy e’tibor esa, g‘oyaviy va tashviqot hamda targ‘ibot ishlariga qaratildi. Shu bilan birga, mahallalarga mustaqil birlashma deb emas, balki sovet organlari qarorlarining tarqatuvchilari va yordamchilari sifatida qaraldi. Mahalla komitetlarining faoliyati sotsialistik shiorlar ostida olib borildi.

Boshqacha aytganda, sobiq Ittifoq mafkurasi mahallalarni rasman tan olmadi, ularni jamiyatni boshqarish tizimiga kiritmadi. Mahallalar faoliyati milliy qadriyatlarni e’zozlash va targ‘ib qilishga emas, balki faqat sobiq mustabid tuzum g‘oyalariga qaratildi, uning tuzilishi ma’muriy-buyruqbozlik tizimiga xos belgilar bilan shakllantirildi. Ma’naviyat, ta’lim-tarbiya sohasida mahallaning ahamiyati yo‘qqa chiqarilgan, yuridik shaxs huquqlaridan foydalanish man etilgan edi.

Yuqoridagi Qaror bo‘yicha mahallalar faqatgina fuqarolarga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan uylar ko‘pchilikni tashkil qiladigan ko‘cha va mavzelardagi hududlarda tashkil etilishi belgilandi. Bu davlat mulki bo‘lgan uy-joylar hududida mahalla qo‘mitalari tashkil etilmasligini anglatar edi. Qarorga ko‘ra, mahalla qo‘mitalari aholining jamoatchilik asosidagi o‘zini o‘zi tashkil etish bo‘yicha tashkiloti bo‘lib, hech qanday ma’muriy vakolatlarga ega bo‘lmagan. Ular buyruq va farmoyishlar chiqara olmaganlar, jarima yoki to‘lovlar undirishlari mumkin bo‘lmagan, guvohnoma, ma’lumotnoma va boshqa rasmiy hujjatlar ham bera olmagan, shuningdek, o‘z muhriga ega bo‘lishi ham mumkin bo‘lmagan.

Guvohi bo‘lganimizdek, ushbu davrda chiqarilgan barcha huquqiy hujjatlarda mahallalarning huquqlari va vakolatlari qat’iy cheklangan bo‘lib, yuqorida ta’kidlaganimizdek ularga yuridik shaxs maqomi berilmagan edi.

Shu bilan birga 1958 yil 30 iyulda O’zbekiston SSR Ministrlar kengashi «Mahalla (kvartal) qo‘mitalariga o‘z muhriga ega bo‘lish huquqini taqdim etish to‘g‘risida»gi Qaror qabul qilib, unda ushbu tuzilmalarga tegishli mahalla (kvartal) qo‘mita nomi tushurilgan uchburchak shakldagi muhrga ega bo‘lish vakolatini berdi.

Ushbu Qaror asosida «O’zbekiston SSR shaharlaridagi mahalla (kvartal) qo‘mitalari to‘g‘risida»gi Nizomning bandiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, mahalla (kvartal) qo‘mitalariga ko‘p bolali oilalar va yolg‘iz onalarga davlat nafaqasini olish uchun bolalar soni to‘g‘risida turar-joydan ma’lumotnomani, ish joyiga taqdim etish uchun qaramog‘idagi boqiluvchilar soni to‘g‘risidagi ma’lumotnomani, propiska uchun kelish va ketish varaqasini, pasportni olish va almashti-rishni muhr bilan tasdiqlash vakolati berildi.

Shunday bo‘lsada, ushbu davrda mahalla vakolatlari faqatgina mahalliy ahamiyatdagi masalalar yuzasidan rasmiy ma’lumotlarni tasdiqlashdan iborat bo‘lgan, xolos. Ular mustaqil moliyaviy-xo‘jalik yoki tashkiliy-boshqaruv vakolatlariga ega bo‘lmagan.

Masalan, 1961 yil 30 avgustda O’zbekiston SSR Oliy Soveti tomonidan qabul qilingan «O’zbekiston SSR shahar, posyolka, qishloq va ovullaridagi mahalla qo‘mitalari to‘g‘risida»gi Nizomga ko‘ra ham mahalla komitetlari biron moliyaviy xo‘jalik faoliyati bilan shug‘ullanishlari (oshxonalar, sartaroshxonalar va shu kabilarni tashkil qilishlari va ulardan foydalanishlari) mumkin emas edi.

Shuningdek, ular oldi-sotdi, ijaraga berish ishlarini amalga oshirishda qatnashishlari mumkin emas, degan norma mustahkamlanganligi ham mahallalarning huquq va vakolatlarini sezilarli darajada cheklar edi, ularning huquqlarini kengaytirish o‘rniga kun tartibiga ularni cheklash haqidagi masalalar doimiy ravishda qo‘yilib kelar edi.

Ta’kidlash lozimki, mahalliy aholining an’anaviy turmush tarziga qarshi kurash, ularni kommunistik qarashlar bilan almashtirishga urinishlar natijasida 1983 yil 4 iyulda yuqoridagi nizomning yangi tahriri qabul qilinib, unda ham mahallalar vakolatlari deyarli o‘zgarishlarsiz saqlanib qolindi.

Bu davrda qishloq joylarida mahalla tuzulmalaridan tashqari, o‘z vazifaviy maqsadlari nuqtai nazaridan unga o‘xshab ketadigan o‘zini o‘zi boshqarishning boshqa tuzulmalari ham mavjud edi.

Masalan, Xorazm viloyatida fuqarolarning «sovet» deb ataladigan yig‘inlari ham bor edi. O’z mohiyatiga ko‘ra, «sovetlar» – bu sobiq Sovet Ittifoqi vaqtidagi qishloq kengashlari (sovetlari)dir. Ular o‘sha davrda quyi sho‘ro hokimiyati organlari vazifalarini bajarar edilar.

1990 yilning 9 aprelida Sovetlar davlatida mohiyatan yangi bo‘lgan qonun – o‘zini o‘zi boshqarish faoliyatini tartibga solishga qaratilgan birinchi qonun, ya’ni «SSSRda mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish va mahalliy xo‘jalikning umumiy asoslari to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi.

Ittifoqdosh Respublikalar, shu jumladan O’zbekiston SSR ham, SSSR qonuniga muvofiq, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risidagi o‘z qonunlarini qabul qilishlari lozim edi. Biroq, Sovet Ittifoqining tanazzulga yuz tutib borayotganligi tufayli bu masalalaning hal etilishi kundan-kunga murakkablashib bordi. Shu sababli ushbu Qonun amalda hayotga tatbiq etilmadi. «Mustaqil respublikalar paradi» boshlangan davrda yara-tilgan mazkur qonun respublikalar e’tiboridan chetda qoldi.

Alohida ta’kidlash lozimki, xalqimizning milliy tabiati, azaliy an’analari va qadriyatlariga asoslangan mahalla o‘zining uzoq tarixida hech qachon O’zbekiston davlat mustaqilligi davridagidek alohida e’tiborga sazovor bo‘lgan emas. Davlat mustaqilligi sharofati bilan O’zbekistonda mahallalarga e’tibor berish, ularning ta’lim-tarbiyaviy huquqiy maqomini oshirish, o‘zini o‘zi boshqarish, beva-bechoralar, nogironlarning biron bir sababga ko‘ra omadi yurishmagan oilalar va odamlarning issiq-sovug‘idan, g‘am-tashvishlaridan xabardor bo‘lib, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish singari masalalar bo‘yicha, shuningdek yanada obod va go‘zal, ko‘rkam va chiroyli bo‘lishi, el-ulus mehr-muhabbatini qozonishida yangi davr boshlandi.


Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech