Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi ta’sis konferensiyasining

1-SONLI BAYONI

2017 yil 28 iyun

soat 10:00

Toshkent shahri,

Ma’rifat markazining Simpoziumlar saroyi


Raislik qiluvchi:

Qarshi shahar «Xontepa» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Zoxirov Ramiz Turdimurodovich

Ishtirok etganlar:

O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov,

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.T.Kamilov,

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni va Vazirlar Mahkamasining mas’ul xodimlari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari (ro‘yxat bo‘yicha)

Konferensiya delegatlari:

Respublika bo‘yicha jami 8961 ta fuqarolar yig‘inlari tomonidan o‘rnatilgan tartibda saylangan 306 nafar delegatlarning 302 nafari ishtirok etdilar. Ushbu delegatlarning 193 nafari Respublika ta’sis konferensiyasiga ishonchli vakil etib belgilangan fuqarolar yig‘inlari raislarini tashkil etadi. (ro‘yxat bo‘yicha)




KUN TARTIBI:

1. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashini tuzish va uning tarkibiy tuzilmalarini tashkil etish to‘g‘risida.

2. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashining Ustavi va Ramzini tasdiqlash to‘g‘risida.

3. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi a’zolari va uning raisini, raisning birinchi o‘rinbosari hamda raisning tashkiliy ishlar va uslubiy masalalar, yoshlar ishlari, diniy-ma’rifiy masalalar, keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari va kengash kotibini, kengash boshqaruvini saylash to‘g‘risida.

4. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi Taftish komissiyasi raisi va a’zolarini saylash.

5. Respublika kengashi qoshida jamoatchilik nazorati guruhini tashkil etish to‘g‘risida.

Yig‘ilishni Qarshi shahar «Xontepa» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Zoxirov Ramiz Turdimurodovich olib bordi.

Yig‘ilish raisi respublika bo‘yicha 8961 ta fuqarolar yig‘inlari ishtirokida joriy yilning mart oyida tuman (shahar)larda hamda may-iyun oylarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha hududiy kengashlarning tashkiliy yig‘ilishlari o‘tkazilganligi, ushbu tashkiliy yig‘ilishlarda 306 nafar delegatlar saylanganligi, ularning 193 nafari Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi ta’sis Konferensiyasida ishtirok etish, muhokamaga qo‘yilgan masalalar bo‘yicha ovoz berish, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi Ustavini tasdiqlash va ta’sis shartnomani imzolash vakolatlariga ega fuqarolar yig‘inlari raislarini tashkil etadi.

Yig‘ilish raisi ishtirokchilarni kun tartibidagi masalalar bilan tanishtirdi.

Yig‘ilishda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2017 yil
3 fevraldagi «Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-4944-sonli Farmoniga asosan fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining mahalliy ahamiyatga molik masalalarni samarali hal qilishdagi rolini yanada oshirish, fuqarolar yig‘inlarining mushtarak manfaatlarini ifoda etadigan uyushmaga birlashish huquqini ro‘yobga chiqarish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorligini yanada rivojlantirishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar belgilab berilganligi ta’kidlandi.

Shuningdek, yig‘ilishda Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashiga yuridik shaxs maqomini bergan holda fuqarolar yig‘inlarining uyushmasi shaklida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha hududiy kengashlarni uning tarkibiy tuzilmalari sifatida tashkil etish, O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlariga tegishincha Respublika kengashi, hududiy kengashlarga jamoatchilik asosida raislik qilish vazifasini yuklash nazarda tutilganligiga to‘xtalib o‘tildi.

Yig‘ilishda Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi va hududiy kengashlar raislarining birinchi o‘rinbosarlari bir vaqtning o‘zida O’zbekiston «Mahalla» xayriya jamoat fondining tegishlicha respublika boshqaruvi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bo‘limlari, tumanlar va shaharlar bo‘linmalariga raislik qilishlari belgilab qo‘yilganligi haqida ma’lumot berildi.

Bundan tashqari, yig‘ilishda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishni olib borish uchun Hay’at, kotibiyat va sanoq komissiyasi saylandi va yig‘ilish kun tartibi, reglamenti tasdiqlandi.

Ishtirokchilar taklifiga ko‘ra kun tartibidagi masalalar bo‘yicha ma’ruzalar eshitildi va masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Kun tartibidagi birinchi masala yuzasidan:

Kun tartibidagi 1-masala yuzasidan O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Aripov Abdulla Nigmatovich ma’ruza qildi.

Ma’ruzachiga savollar bo‘lmadi, mazkur masala bo‘yicha muzokaraga o‘tildi.

Kun tartibidagi 1-masala yuzasidan 5 nafar ishtirokchi muzokaralarda so‘zga chiqib, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining yuqorida qayd etilgan Farmonining mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida o‘z munosabatlarini bildirib, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashini tuzish va uning tarkibiy tuzilmalarini tashkil etish to‘g‘risida taklif kiritdilar.

Ushbu masala atroflicha muhokama qilinib, ta’sis konferensiyasi

Q A R O R Q I L A D I:

1. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi tuzilsin.

2. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashining ta’sis shartnomasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha hududiy kengashlar Respublika kengashining tarkibiy tuzilmalari sifatida tashkil etilsin.

Kun tartibidagi ikkinchi masala yuzasidan:

Kun tartibidagi 2-masala yuzasidan «Mahalla» xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi raisi Javlonov Shavkat Sardorovich ma’ruza qildi.

Ma’ruzachi konferensiya ishtirokchilariga Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashining Ustavi va Ramzi to‘g‘risida axborot berdi.

Kun tartibidagi ushbu masala yuzasidan 3 nafar ishtirokchi muzokaralarda so‘zga chiqib, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashining Ustavi va Ramzini tasdiqlash haqida taklif kiritdilar.

Respublika kengashining Ustavi va Ramzi loyihalari konferensiya ishtirokchilari tomonidan muhokama qilindi va tegishli fikr-mulohazalar bildirildi.

Ushbu masala atroflicha muhokama qilinib, ta’sis konferensiyasi

Q A R O R Q I L A D I:

1. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi Ustavi va Ramzi konferensiyada bildirgan taklif va mulohazalarni e’tiborga olgan holda 2-, 3-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

2. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashini davlat ro‘yxatidan belgilangan tartibda o‘tkazish uchun hujjatlarni imzolash va O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim etish vakolati Kengash raisining birinchi o‘rinbosari zimmasiga yuklatilsin.

3. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi boshqaruvi Kengash Ustavi talablari asosida hududiy kengashlarning Namunaviy Nizomi ishlab chiqilishini ta’minlasin.

4. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi boshqaruvi Kengash Ustavi mazmun-mohiyatini hududiy kengashlarga va fuqarolar yig‘inlariga yetkazish vazifasi yuklatilsin.

Kun tartibidagi uchinchi masala yuzasidan:

Kun tartibidagi 3-masala bo‘yicha Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahar «Qaymoqli guzar» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi M.K.Sadikova Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi raisi va a’zolarini o‘qib eshittirdi.

Ma’ruzachi o‘z so‘zida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil
3 fevraldagi «Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-4944-sonli Farmoniga asosan O’zbekiston Respublikasi
Bosh vaziri Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashiga jamoatchilik asosida raislik qilishi haqida so‘z yuritdi.

Muhokamalarda 2 nafar delegat fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi raisi lavozimiga ko‘rsatilgan nomzod O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan A.N.Aripov nomzodini qo‘llab-quvvatlash haqida taklif kiritdi va ushbu taklif ma’qullandi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi raisi A.N.Aripov o‘z so‘zida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 3 fevraldagi «Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-4944-sonli Farmoniga asosan Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi raisining birinchi o‘rinbosari bir vaqtning o‘zida O’zbekiston «Mahalla» xayriya jamoat fondining respublika boshqaruviga raislik qilishlari belgilanganligini ta’kidladi.

Shuningdek, Farmonga ko‘ra kengash raisining tashkiliy ishlar va uslubiy masalalar, yoshlar ishlari, diniy-ma’rifiy masalalar, keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha 4 ta rais o‘rinbosarlari hamda Kengash kotibi lavozimlari kiritilganligi haqida so‘z yuritdi va ushbu lavozimlarga nomzodlarni tavsiya etdi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi raisining o‘rinbosarlari va kengash kotibi lavozimlariga ko‘rsatilgan nomzodlar yuzasidan 3 nafar ishtirokchi so‘zga chiqib, ularni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida taklif kiritdilar.

«Mahalla» xayriya jamoat fondining Andijon viloyati bo‘limi boshqaruvi raisi Rizayev Kadirjan Faziljanovich respublika kengashi boshqaruvi raisi va a’zolarini o‘qib eshittirdi.

Ushbu masala atroflicha muhokama qilinib, ta’sis konferensiyasi

Q A R O R Q I L A D I:

1. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi tarkibi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashining rahbar lavozimlariga ko‘rsatilgan quyidagi nomzodlar:

1). Aripov Abdulla Nigmatovich – O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi raisi;

2). Javlonov Shavkat Sardorovich – Kengash raisining birinchi o‘rinbosari, O’zbekiston «Mahalla» xayriya jamoat fondining respublika boshqaruvi raisi;

3). Ruziyev Zafar Rayimovich – Kengash raisining tashkiliy ishlar va uslubiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari;

4). Mirzajonov Azimjon Hakimjonovich – Kengash raisining yoshlar ishlari bo‘yicha o‘rinbosari;

5). Mirzajanova Dilshoda Muxtarovna – Kengash raisining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari;

6). Djanikulov Shavkat Urakovich – Kengash raisining keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha o‘rinbosari;

7). Qarshiyev Elmurod Axmedovich – Kengash kotibi, Kengash ijro apparatining tashkiliy-uslubiy bo‘lim boshlig‘i etib tasdiqlansin.

3. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi boshqaruvi tarkibi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Kun tartibidagi to‘rtinchi masala yuzasidan:

Kun tartibidagi 4-masala yuzasidan delegat, Farg‘ona viloyati Farg‘ona shahri «Guliston» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi D.Mamadjanova ma’ruza qildi.

Ma’ruzachi O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 3 fevraldagi PF-4944-sonli Farmoniga asosan yangi tuzilayotgan respublika kengashining Taftish komissiyasi tarkibini 3 kishidan iborat bo‘lishi kerakligi, komissiya tarkibiga kiritiladigan nomzodlar to‘g‘risida gapirdi hamda Taftish komissiyasi raisi va a’zolarini saylab olish lozimligini bildirdi.

Kun tartibidagi ushbu masala yuzasidan 2 nafar ishtirokchi taftish komissiyasi a’zolari va raisi lavozimiga nomzodlar haqida so‘zga chiqib, ularni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida taklif kiritdilar.

Ushbu masala atroflicha muhokama qilinib, ta’sis konferensiyasi

Q A R O R Q I L A D I:

1. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashining 3 kishidan iborat Taftish komissiyasi tuzilsin.

2. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi Taftish komissiyasining tarkibi
6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Kun tartibidagi beshinchi masala yuzasidan:

Kun tartibidagi 5-masala bo‘yicha O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi raisi Aripov Abdulla Nigmatovich Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi qoshida jamoatchilik nazorati guruhini tashkil etish hamda uning rahbari va a’zolarini saylab olish taklifini kiritdi.

Kun tartibidagi ushbu masala yuzasidan 4 nafar ishtirokchi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi qoshida jamoatchilik nazorati guruhini tashkil etishning ahamiyati, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish mexanizmi va uning tarkibi haqida so‘zga chiqib, guruh tarkibini tasdiqlash to‘g‘risida taklif kiritdilar.

Ushbu masala atroflicha muhokama qilinib, ta’sis konferensiyasi

Q A R O R Q I L A D I:

1. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi qoshida jamoatchilik nazorati guruhi tuzilsin.

2. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi qoshida jamoatchilik nazorati guruhi tarkibi 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Yig‘ilish kun tartibidagi barcha masalalar ko‘rib chiqildi va qarorlar qabul qilindi.

Yig‘ilishga raislik qiluvchi R.T.Zoxirov

Yig‘ilish kotibi E.A.Qarshiyev



Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha

respublika kengashining

2017 yil «28» iyundagi ta’sis Konferensiyasi 1-sonli bayonining

1-ilovasiga muvofiq

«TASDIQLANGAN»


FUQAROLARNING O’ZINI O’ZI BOSHQARISH ORGANLARI FAOLIYATINI MUVOFIQLASHTIRISH BO’YICHA

RESPUBLIKA KENGASHINING

TA’SIS SHARTNOMASI


Toshkent – 2017

I. Umumiy qoidalar

1. Mazkur ta’sis shartnomasi Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi (bundan buyon matnda Respublika kengashi deb yuritiladi) faoliyatini tartibga soladi.

2. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashining tashkiliy-huquqiy shakli fuqarolar yig‘inlarining uyushmasi shaklida bo‘lib, O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tadi va yuridik shaxs maqomiga ega bo‘ladi.

3. Respublika kengashi o‘z faoliyatini O’zbekiston Respublikasi qonunlari, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini tartibga soluvchi boshqa normativ-huquqiy hujjatlar, Respublika kengashi Ustavi va ta’sis shartnomasiga muvofiq amalga oshiradi.

4. Respublika kengashining tashkiliy va ijro apparati tuzilmalari O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 3 fevraldagi “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  PF-4944-sonli Farmonining 1-2-ilovalariga muvofiq tasdiqlangan.

5. Respublika kengashi o‘z faoliyatida qonuniylik, oshkoralik, mustaqillik, ijtimoiy adolat, insonparvarlik, o‘zaro hurmat, teng huquqlilik va kollegiallik tamoyillariga amal qiladi.

6. Respublika kengashi o‘z maqomiga ko‘ra fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining jamiyatdagi o‘rni va rolini kuchaytirish, ularni joylarda xalqning chinakam maslakdoshi va ko‘makdoshiga aylantirish, faoliyatini muvofiqlashtirish, qo‘llab-quvvatlash, huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda uslubiy rahbarlikni amalga oshirish va ularning faoliyatida yagona huquqni qo‘llash amaliyotini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiradi.

7. Respublika kengashi faoliyatining muddati cheklanmagan.

8. Respublika kengashi o‘z faoliyatini O’zbekiston Respublikasining barcha hududlarida amalga oshiradi.

9. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashining:

To‘liq rasmiy nomi:

o‘zbek tilida, kirill alifbosida – Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi

o‘zbek tilida, lotin alifbosida – Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi

rus tilida – Respublikanskiy sovet po koordinatsii deyatelnosti organov samoupravleniya grajdan

Qisqartirilgan rasmiy nomi:

o‘zbek tilida, kirill alifbosida – Respublika mahallalar kengashi

o‘zbek tilida, lotin alifbosida – Respublika mahallalar kengashi

rus tilida – Respublikanskiy sovet maxalley

Doimiy asosda ishlaydigan rahbar organi joylashgan joyi (manzili): Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Xorazm ko‘chasi, 51-uy.

II. Respublika kengashining maqsadi va vazifalari

10. Respublika kengashining asosiy maqsadi – fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati samaradorligini oshirish, mahalla institutini aholiga eng yaqin va xalqchil tuzilmaga aylantirish, fuqarolar yig‘inlarining mushtarak manfaatlarini ifoda etadigan uyushmaga birlashish huquqlarini ro‘yobga chiqarish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorligini yanada rivojlantirish.

11. Quyidagilar respublika kengashi vazifalari hisoblanadi:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlardagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha hududiy kengashlar (keyingi o‘rinlarda hududiy kengashlar deb ataladi) va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining faoliyatiga rahbarlik qilish hamda muvofiqlashtirish;
  • fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining jamiyatdagi o‘rni va rolini kuchaytirish, ularni joylarda xalqning chinakam maslakdoshi va ko‘makdoshiga aylantirish;
  • jamiyatimizda o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini shakllantirishda, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda rivojlantirishda mahallalarning ahamiyati va nufuzini yanada oshirish;
  • yoshlarni ma’naviy boy va jismonan sog‘lom etib tarbiyalash, ularning bandligini ta’minlash, yosh avlodni mafkuraviy tahdidlardan himoya qilish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini, keksa avlod vakillarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining davlat va nodavlat tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorligini mustahkamlash;
  • jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlashda, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda, fuqarolarda qonunga hurmat hissini kuchaytirishda mahallalarning bevosita ishtirokini kengaytirish;
  • fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning hamda ular faoliyatini muvofiqlashtirishning samarali mexanizmlarini joriy etish, mahalla tizimida yagona huquqni qo‘llash amaliyotini ta’minlash;
  • fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatidagi muammolarni kompleks o‘rganish va tizimli hal qilish choralarini ko‘rish, ularning faoliyatini takomillashtirish yuzasidan asoslantirilgan takliflar hamda ta’sirchan mexanizmlarni ishlab chiqish;
  • fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining ilg‘or tajribalarini ommalashtirish, ular tomonidan ishlab chiqilgan istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda ko‘maklashish;
  • mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilik e’tiboriga yetkazish, fuqarolar ijtimoiy faolligini oshirishda mahalla institutining ahamiyati va rolini kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilash;
  • oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni o‘rganib borish, tahlil qilish va aniqlangan muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etishda fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikdagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
  • hududiy kengashlarda, shuningdek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida munosib kadrlarning faoliyat yuritishlarini ta’minlash, malakasini oshirish va zamonaviy boshqaruv ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
  • fuqarolarning jamiyatda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini yuksaltirishda hududiy kengashlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan jamoatchilik nazoratini olib borish bo‘yicha vazifalar ko‘lamini yanada kengaytirish choralarini ko‘rish;
  • hududiy kengashlar va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha takliflar tayyorlash
    hamda bu borada aniq chora-tadbirlarning amalga oshirilishini ta’minlash;
  • hududiy kengashlar va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
  • Respublika kengashi Ustavi va ta’sis shartnomasi doirasida davlat va nodavlat notijorat tashkilotlar, yuridik va jismoniy shaxslar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ular bilan birgalikda qo‘shma dastur hamda loyihalarni ishlab chiqish va ijtimoiy sheriklik asosida amalga oshirish.

III. Respublika kengashining huquq va majburiyatlari

12. Respublika kengashining huquqlari:

  • fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilish;
  • fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirishga doir qarorlar qabul qilish va ularning ijrosini nazorat qilish;
  • zaruratga ko‘ra, hududiy kengashlarning navbatdan tashqari majlislari va yig‘ilishini chaqirish;
  • fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlari lavozimlariga kadrlar zaxirasini belgilangan tartibda shakllantirish;
  • fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining xodimlari va faollari bilan suhbatlar o‘tkazish, faoliyatning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha komissiyalar raislari va a’zolarining malakasini oshirishga doir qarorlar qabul qilish;
  • davlat organlari, nodavlat notijorat va boshqa tashkilotlardan, mansabdor shaxslardan Respublika kengashi vakolatiga taalluqli zarur ma’lumot va materiallarni belgilangan tartibda so‘rash va olish;
  • fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatiga taalluqli masalalar bo‘yicha davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar va boshqa tashkilotlarning, shuningdek, hududiy kengashlar hamda fuqarolar yig‘inlari xodimlarining axborotlarini eshitish;
  • respublika kengashi yig‘ilishlariga hududiy kengashlar va fuqarolar yig‘inlari xodimlarini jalb etish hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish ishlarining holatini muhokama etish va tegishli qarorlar qabul qilish;
  • hududiy kengashlar faoliyati bo‘yicha vakolatli davlat organlari tomonidan kiritilgan taqdimnomalarni ko‘rib chiqish, muhokama qilish va ular yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilish;
  • fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati yuzasidan vakolatli davlat organlari tomonidan kiritilgan taqdimnomalarni ko‘rib chiqish, muhokama qilish va ular yuzasidan tegishli hududiy kengashlarga ko‘rsatmalar berish hamda fuqarolar yig‘inlarida (fuqarolar vakillarining yig‘ilishlarida) hamda yig‘in Kengashlarida tegishli qarorlar qabul qilinishini tashkil etish;
  • fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarga o‘z vaqtida qatnashmagan, sinov imtihonini topshirmagan (suhbatdan o‘tmagan) tinglovchilar to‘g‘risida ma’lumotlarni O’quv kurslaridan olish hamda muhokama qilish va ular yuzasidan tegishli chora-tadirlarni ko‘rish bo‘yicha hududiy kengashlarga ko‘rsatmalar berish;
  • hududiy kengashlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
  • davlat hokimiyati organlariga hududiy kengashlar va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining faoliyatini yanada yaxshilash, ularga zarur shart-sharoitlar yaratish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga doir tashabbuslar bilan chiqish hamda takliflar kiritish;
  • davlat hokimiyati organlarining qarorlarini ishlab chiqishda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda ishtirok etish;
  • sudda, davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarda o‘z manfaatlarini ifoda etish hamda himoya qilish, belgilangan tartibda sudda da’vogar hamda javobgar sifatida qatnashish;
  • o‘z mulkiga, mustaqil balansiga, banklarda milliy va xorijiy valyuta hisob raqamlariga ega bo‘lish, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hamda Respublika kengashi Ustaviga muvofiq, pul mablag‘lari va mol-mulkdan foydalanish;
  • hududiy kengashlar va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining faoliyatiga oid ma’lumotlar va axborotlarni olish, shu jumladan, ularni umumlashtirish, tahlil qilish hamda amaliyotda foydalanish;
  • hududiy kengashlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatiga doir uslubiy tavsiya va qo‘llanmalarni tayyorlash hamda Respublika kengashi boshqaruvi qarori bilan tasdiqlash.
  • mazkur Ustavda belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida o‘quv-uslubiy va ilmiy-tadqiqot hamda axborot resurs markazlarini tashkil etish;
  • ommaviy axborot vositalari (televideniye, radio, gazeta, jurnallar) ta’sis etish;
  • nashriyot va bosmaxonalar tashkil etish;
  • qonun hujjatlarida belgilangan tartibda fuqarolik-huquqiy bitimlarni tuzish;
  • o‘z nomidan shartnomalar tuzish, mulkiy va nomulkiy huquqlarga ega bo‘lish;
  • belgilangan tartibda mol-mulkni sotish hamda sotib olish, ijaraga berish va olish;
  • yuridik va jismoniy shaxslardan xayriyalar, homiylik yordamlari, grantlar va boshqa mablag‘lar olish;
  • ko‘rik-tanlovlar va turli sport musobaqalarini tashkil etish, g‘oliblarni mukofotlash;
  • o‘z faoliyatiga taalluqli masalalar yuzasidan yig‘ilishlar, konferensiyalar, hududiy kengashlar hamda fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining xodimlari va faollari uchun o‘quv-seminarlari va davra suhbatlari tashkil etish.
  • o‘z faoliyati to‘g‘risida axborot tarqatish;
  • qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarni ham amalga oshirish.

13. Respublika kengashi majburiyatlari:

  • O’zbekiston Respublikasi qonunlariga, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini tartibga soluvchi boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, Respublika kengashi Ustaviga rioya etish;
  • hududiy kengashlar va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining samarali faoliyat yuritishlarini ta’minlash;
  • o‘z mol-mulki va pul mablag‘laridan foydalanish, shu jumladan, moliyalashtirish manbalari to‘g‘risidagi axborot bilan tanishish erkinligini ta’minlash;
  • ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ bilan tadbirlar tashkil etishni kelishib olish va uning vakiliga o‘tkazilayotgan tadbirlarga erkin kirish imkonini berish;
  • ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga, davlat soliq xizmati organlariga va davlat statistikasi organlariga o‘z faoliyati to‘g‘risida belgilangan tartibda hisobotlar taqdim etish;
  • respublika kengashining zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.


IV. Respublika kengashining rahbar organlari va tuzilmasi

14. Quyidagilar respublika kengashining rahbar organlari hisoblanadi:

  • Respublika kengashi konferensiyasi;
  • Respublika kengashi;
  • Respublika kengashi boshqaruvi.

15. Respublika kengashi konferensiyasi respublika kengashining oliy rahbar organi hisoblanib, 5 yilda kamida bir marotaba respublika kengashining qarori bilan o‘tkaziladi.

Respublika kengashi konferensiyasi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari va delegatlardan shakllantiriladi.

Respublika kengashi konferensiyasini chaqirish, delegatlar me’yori, kun tartibi, o‘tkazish vaqti va joyi respublika kengashining qarori bilan belgilanadi va kamida ikki oy oldin e’lon qilinadi.

Respublika kengashining navbatdan tashqari konferensiyasi zarur hollarda, respublika kengashi va taftish komissiyasi a’zolari yoki ta’sischilarning yarmidan ko‘pining tashabbusi bilan chaqirilishi mumkin.

Respublika kengashining navbatdan tashqari konferensiyasini chaqirish, delegatlar me’yori, kun tartibi, o‘tkazish vaqti va joyi to‘g‘risida kamida bir oy oldin e’lon qilinadi.

Respublika kengashi konferensiyasi quyidagi vakolatlarga ega:

  • Respublika kengashini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
  • Respublika kengashi taftish komissiyasi raisi va a’zolarini 5 (besh) yil muddatga saylaydi;
  • Respublika kengashi a’zolarini, shu jumladan, kengash raisi, birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlarini hamda Kengash kotibini 5 (besh) yil muddatga lavozimga saylaydi;
  • Respublika kengashi va taftish komissiyasining hisobotlarini eshitadi, tahlil qiladi va faoliyatiga baho beradi hamda ular yuzasidan qarorlar qabul qiladi;
  • Respublika kengashi qonun bilan taqiqlanmagan boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradi.

Konferensiyalar oralig‘ida Respublika kengashi tarkibiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, kengash raisi, uning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlarini, Kengash kotibini lavozimga tasdiqlash Respublika kengashi tomonidan amalga oshiriladi.

16. Respublika kengashi davlat hokimiyati vakillik organlari a’zolari, Moliya, Ichki ishlar, Mehnat, Xalq ta’limi, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, O’zbekiston “Kamolot” YoIH, “Nuroniy” jamg‘armasi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, boshqa davlat va nodavlat tashkilotlarning rahbar xodimlari, hududiy kengashlar raislari va fuqarolar yig‘inlari raislaridan iborat tarkibda (kamida 50 kishidan iborat tarkibda) tuziladi.

Respublika kengashi majlisi har chorakda kamida bir marotaba o‘tkaziladi. Lekin Respublika kengashi majlisi zaruriyatga ko‘ra, Respublika kengashi raisi, kengash boshqaruvi va taftish komissiyasi a’zolari yarmidan ko‘pining talabiga ko‘ra navbatdan tashqari o‘tkazilishi mumkin.

Respublika kengashi majlisi bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi va respublika kengashi raisi tomonidan tasdiqlanadi.

Respublika kengashi vakolatlariga quyidagilar kiradi:

  • Respublika kengashi konferensiyalar oralig‘ida respublika kengashining joriy faoliyati ustidan rahbarlikni amalga oshirish;
  • Respublika kengashi konferensiyasi qarorlari ijrosini ta’minlash va nazorat qilish;
  • Respublika kengashi Ustavini tasdiqlash, unga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish;
  • Respublika kengashi raisining birinchi o‘rinbosari, tashkiliy ishlar va uslubiy masalalar, yoshlar ishlari, diniy-ma’rifiy masalalar, keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari, Kengash kotibi hamda hududiy kengashlar raislarining birinchi o‘rinbosarlari va fuqarolar yig‘inlari raislari orasidan kamida 15 (o‘n besh) kishidan iborat tarkibda kengash boshqaruvi raisi va a’zolarini 5 (besh) yil muddatga tasdiqlash;
  • Respublika kengashi boshqaruvi raisi va a’zolarining faoliyatini nazorat qilish, hisobotlarini eshitish va muhokama qilish hamda tegishli qarorlar qabul qilish;
  • Respublika kengashi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash;
  • Respublika kengashi ish rejasini tasdiqlash;
  • Respublika kengashi boshqaruvi faoliyatini nazorat qilish;
  • Respublika kengashiga a’zo bo‘lgan davlat va jamoat tashkilotlarining tegishli hududdagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan samarali hamkorligining amalga oshirilishini ta’minlash;
  • Respublika kengashi a’zolarining fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati sohasiga kiruvchi masalalar yuzasidan hisobotlarini eshitish va tegishli qarorlar qabul qilish;
  • Respublika kengashi vakolatlariga Respublika kengashi Ustaviga muvofiq boshqa masalalar ham kiritilishi mumkin.

17. Respublika kengashi boshqaruvi respublika kengashi konferensiyasi va respublika kengashi majlislari oralig‘ida uning joriy faoliyatini amalga oshiradi.

Respublika kengashi boshqaruviga Respublika kengashi raisining birinchi o‘rinbosari rahbarlik qiladi.

Respublika kengashi boshqaruvi vakolatlariga quyidagilar kiradi:

  • Respublika kengashi konferensiyasi va majlislari oralig‘ida uning joriy faoliyatini amalga oshirish;
  • Respublika kengashi Ramzini va Ramz to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash, unga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish;
  • Respublika kengashi konferensiyasi va Respublika kengashi majlisi qarorlari ijrosini ta’minlash;
  • Respublika kengashi majlisini chaqirish, majlisda muhokama etiladigan masalalar bo‘yicha hujjatlar tayyorlash va qabul qilingan qarorlarning bajarilishini ta’minlash;
  • o‘z faoliyati haqida respublika kengashi majlisida hisobot taqdim etish;
  • hududiy kengashlar to‘g‘risidagi Namunaviy nizomlarni ishlab chiqish va tasdiqlash hamda ularga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish;
  • Respublika va hududiy kengashlar ijro apparatlari faoliyatiga doir masalalar yuzasidan Nizomlar, yo‘riqnomalar va boshqa ichki me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqish, tasdiqlash hamda ularga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish;
  • Respublika kengashi raisi bilan kelishgan holda Respublika kengashining hamda hududiy kengashlarning yillik budjeti va moliyaviy hisobotini, daromadlar va xarajatlar smetasini tasdiqlash;
  • Respublika kengashi raisi bilan kelishgan holda Respublika kengashining hamda hududiy kengashlarning ijro apparatlari shtatlar jadvali va ish haqi miqdorini tasdiqlash;
  • Respublika kengashining pul mablag‘lari va boshqa mol-mulklaridan Respublika kengashi Ustavida belgilangan vazifalar, tasdiqlangan reja va loyihalarga muvofiq maqsadli foydalanishning amalga oshirilishini ta’minlash;
  • Respublika kengashi mol-mulklarini tasarruf qilish bo‘yicha qarorlar qabul qilish;
  • Respublika kengashi faoliyati uchun zarur bo‘lgan barcha hujjatlarni (tahliliy ma’lumotlar, jadvallar va h.k.) shakllantirish va qarorlar loyihalari bo‘yicha kelishuvni amalga oshirish;
  • Respublika va hududiy kengashlar faoliyatiga taalluqli masalalarni ko‘rib chiqish va hal etish;
  • Respublika kengashi faoliyatining barcha masalalari yuzasidan qarorlar qabul qilish;
  • Respublika kengashi boshqaruvi yig‘ilishi vakolatlariga Respublika kengashi Ustaviga muvofiq boshqa masalalar ham kiritilishi mumkin.
  • Respublika kengashi boshqaruvi yig‘ilishi qaror bilan rasmiylashtiriladi, qarorlar respublika kengashi boshqaruvi a’zolari bilan kelishilgan holda kengash raisining birinchi o‘rinbosari tomonidan imzolanadi.

18. O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Respublika kengashiga jamoatchilik asosida raislik qiladi.

Respublika kengashi raisi:

  • Respublika kengashiga yuklangan vazifalarning bajarilishini tashkillashtiradi, uning samarali faoliyat yuritishini ta’minlaydi;
  • Respublika kengashi majlislari kun tartibini belgilaydi va chaqiradi;
  • Respublika kengashi majlislarini boshqaradi, uzrli sabablarga ko‘ra ushbu vakolatni respublika kengashi raisining birinchi o‘rinbosari zimmasiga yuklaydi;
  • Respublika kengashi tomonidan qabul qilingan qarorlarning bajarilishi yuzasidan nazoratni tashkil etadi;
  • Respublika kengashi ijro apparati faoliyatini nazorat qiladi;
  • Respublika kengashi faoliyati bilan bog‘liq xatlar va boshqa hujjatlarni imzolash hamda bank va moliyaviy hujjatlariga birinchi imzo chekish vakolatlarini respublika kengashi raisining birinchi o‘rinbosariga (uzrli hollarda rais o‘rinbosarlariga) beradi;
  • Respublika kengashi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga nomzodlarni ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi hamda u bilan mehnat shartnomasini tuzadi va bekor qiladi;
  • Respublika kengashi Ustavi va Respublika kengashi yig‘ilishi bayonnomalariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

19. Respublika kengashi raisining birinchi o‘rinbosari:

  • bir vaqtning o‘zida O’zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruviga raislik qiladi;
  • Respublika kengashi konferensiyalari va kengash majlislari oralig‘ida Respublika kengashi boshqaruviga raislik qiladi hamda respublika kengashi ijro apparati faoliyatini boshqaradi;
  • Respublika kengashi konferensiyasi va kengash qarorlarini o‘z vaqtida va sifatli ijro etilishini ta’minlaydi;
  • Respublika kengashi boshqaruvi hamda taftish komissiyasi qarorlarini o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlaydi;
  • Respublika kengashi va boshqaruvi tomonidan qabul qilingan qarorlarning bajarilishini amalga oshiradi;
  • Respublika kengashi ish rejasining amalga oshirilishini ta’minlaydi;
  • Respublika kengashi va boshqaruvi a’zolarining hamda Respublika kengashi ijro apparati xodimlarining zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarishga doir ishlarni muvofiqlashtiradi;
  • faoliyat yo‘nalishlariga taalluqli materiallarni to‘playdi, tahlil qiladi, qarorlar va chora-tadbirlar rejalari loyihalarini tayyorlaydi;
  • Respublika kengashining yillik xarajatlar smetasi, yillik balansi va moliyaviy hisoboti o‘z vaqtida, belgilangan tartibda tayyorlanishini ta’minlaydi hamda Respublika kengashi nomidan barcha hujjatlarni imzolaydi;
  • Respublika kengashining yillik daromadlar va xarajatlar smetasi, shtatlar jadvali loyihalarini tasdiqlash uchun Respublika kengashi boshqaruviga kiritadi;
  • Respublika kengashi boshqaruvi tomonidan tasdiqlangan daromadlar va xarajatlar smetasiga asosan Respublika kengashining pul mablag‘lari va mol-mulkidan foydalanadi hamda uni tasarruf etadi;
  • Respublika kengashining bank va moliyaviy hujjatlariga birinchi bo‘lib imzo chekadi;
  • Respublika kengashi majlislari kun tartibini belgilash va chaqirish bo‘yicha respublika kengashi raisiga takliflar kiritadi;
  • Respublika kengashi majlislari o‘z vaqtida o‘tkazilishini ta’minlaydi;
  • Respublika kengashi majlislarini uzrli sabablarga ko‘ra, respublika kengashi raisi bo‘lmagan taqdirda o‘zi boshqaradi;
  • Respublika kengashi majlisida ko‘rib chiqiladigan masalalarning mohiyatiga ko‘ra, tegishli hududdagi davlat organlari, nodavlat notijorat va boshqa tashkilotlar rahbarlari, mutaxassislar hamda hududiy kengashlar rahbar xodimlarini hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillarini taklif etadi;
  • Respublika kengashi qarorlarining kengash a’zolariga va manfaatdor shaxslarga hamda hududiy kengashlarga, shuningdek, tegishincha fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga yetkazilishini ta’minlaydi;
  • Respublika kengashi qarorlarining tegishli davlat organlari, nodavlat notijorat va boshqa tashkilotlar, hududiy kengashlar, shuningdek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan bajarilishini tashkil etadi;
  • amaldagi qonunchilikka muvofiq, Respublika kengashining ichki mehnat tartib-qoidalari, jamoa shartnomasi va vazifalar taqsimotini tasdiqlaydi;
  • fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, hududiy kengashlar va Respublika kengashi ijro apparati xodimlari orasidan davlat mukofotiga hamda boshqa rag‘batlantirishlarga Respublika kengashi raisi bilan kelishgan holda tavsiya etadi;
  • Respublika kengashi ijro apparati faoliyatiga doir buyruqlar chiqaradi;
  • Respublika kengashi ijro apparati xodimlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish bo‘yicha buyruqlar chiqaradi;
  • Respublika kengashi ijro apparati xodimlari hamda tasarrufidagi tashkilotlar rahbarlari bilan mehnat shartnomasini tuzadi va bekor qiladi;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha hududiy kengashlar raislarining birinchi o‘rinbosari, ularning yoshlar ishlari, diniy-ma’rifiy masalalar, keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda Kengash kotibi (tashkiliy-uslubiy sho‘‘ba mudiri) lavozimlariga nomzodlarni ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi hamda ular bilan mehnat shartnomasini tuzadi va bekor qiladi;
  • tumanlar va shaharlar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha kengashlar raislarining birinchi o‘rinbosarlari lavozimiga nomzodlarni ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi hamda ular bilan mehnat shartnomasini tuzadi va bekor qiladi;
  • Respublika kengashi tasarrufidagi tashkilotlar rahbarlariga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha hududiy kengashlar raislarining birinchi o‘rinbosari, ularning yoshlar ishlari, diniy-ma’rifiy masalalar, keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari, Kengash kotibi (tashkiliy-uslubiy sho‘‘ba mudiri) hamda tumanlar va shaharlar kengashlari raislarining birinchi o‘rinbosarlari lavozimiga tayinlash va lavozimidan ozod etish bo‘yicha farmoyishlar chiqaradi;
  • mehnat intizomini buzgan respublika kengashi ijro apparati xodimlariga, tasarrufidagi tashkilotlar rahbarlariga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari raisining birinchi o‘rinbosariga, o‘rinbosarlariga va Kengash kotibiga (tashkiliy-uslubiy sho‘‘ba mudiri) hamda tumanlar va shaharlar kengashlari raisining birinchi o‘rinbosarlariga intizomiy jazo choralarini qo‘llaydi;
  • Respublika kengashi nomidan yuridik va jismoniy shaxslar bilan qonun va normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan tartibda shartnoma va bitimlar tuzadi;
  • davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, yuridik va jismoniy shaxslar oldida ishonchnomasiz Respublika kengashi nomidan ish yuritadi;
  • Respublika kengashi faoliyat natijalari hisobotining yuritilishini hamda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga, davlat soliq xizmati organiga va davlat statistikasi organiga belgilangan tartibda hisobotlar taqdim etilishini nazorat qiladi;
  • o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni belgilangan tartibda va sifatli ijro etadi;
  • Respublika kengashi Ustaviga muvofiq vakolatiga boshqa masalalar ham kiritilishi mumkin.

V. Respublika kengashi taftish komissiyasi

20. Respublika kengashining Taftish komissiyasi mustaqil bo‘lib, Respublika kengashi konferensiyasida 5 (besh) yil muddatga tuziladi.

21. Taftish komissiyasi o‘z faoliyati to‘g‘risida Respublika kengashi konferensiyasida, zarur hollarda Respublika kengashi majlisida hisobot beradi.

22. Taftish komissiyasi a’zolari bir vaqtning o‘zida Respublika kengashi rahbar organlari tarkibiga saylanishi (tayinlanishi) mumkin emas.

23. Taftish komissiyasi o‘z faoliyatini Respublika kengashi Ustavi va Respublika kengashi tomonidan tasdiqlanadigan Nizomga muvofiq olib boradi.

24. Respublika kengashi konferensiyalari oralig‘ida Respublika kengashi va taftish komissiyasining qo‘shma majlisida taftish komissiyasidan chiqib ketgan a’zolar o‘rniga yangi a’zolar tayinlanishi mumkin.

VI. Respublika kengashining rahbar organlari tomonidan
qarorlar qabul qilish tartibi

25. Respublika kengashi majlislari va Respublika kengashi boshqaruvi yig‘ilishlari qarorlari, ularda qatnashayotganlarning yarmidan ko‘pi ovoz bergandagina qabul qilingan hisoblanadi.

Ovozlar soni teng bo‘lgan taqdirda raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.

Respublika kengashining har bir a’zosi qabul qilinayotgan qarorlar yuzasidan o‘z fikr-mulohazasini yozma yoki og‘zaki ravishda bayon qilish huquqiga ega.

26. Respublika kengashi majlislari va Respublika kengashi boshqaruvi yig‘ilishlari ular a’zolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi.

Respublika kengashi majlisini o‘tkazish uchun kvorum bo‘lmaganda, o‘n kun muddat ichida yangi majlis o‘tkaziladigan sana e’lon qilinadi. Ushbu hollarda Respublika kengashi majlisi kun tartibini o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

27. Respublika kengashi majlisi ochiq ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi hamda tegishli bayonnoma bilan rasmiylashtirilib, majlisga raislik qiluvchi va kotib tomonidan imzolanadi.

28. Respublika kengashi boshqaruvi yig‘ilishi qaror bilan rasmiylashtiriladi va a’zolari bilan kelishilgan holda kengash raisining birinchi o‘rinbosari tomonidan imzolanadi.

VII. Respublika kengashining tarkibiy tuzilmalari

29. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha hududiy kengashlar Respublika kengashining tarkibiy tuzilmalari hisoblanadi va ularning faoliyati qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tashkil qilinadi hamda tugatiladi.

30. Respublika kengashining yuridik shaxs hisoblanadigan tarkibiy tuzilmalari tegishli adliya organlaridan davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi. Respublika kengashining yuridik shaxs hisoblanmaydigan tarkibiy tuzilmalari tegishli adliya organlari tomonidan hisobga qo‘yiladi.

31. Respublika kengashi tarkibiy tuzilmalarining huquq va majburiyatlari, pul mablag‘lari va boshqa mol-mulklarini shakllantirish manbalari hamda mol-mulkni boshqarish borasidagi huquqlari, ularni tashkil qilish va tugatish tartibi ular to‘g‘risidagi nizomlarda belgilanadi.

VIII. Respublika kengashining pul mablag‘lari va boshqa
mol-mulkini shakllantirish manbalari

32. Binolar, inshootlar, turarjoylar, uskunalar, inventar, pul mablag‘lari, shu jumladan, chet el valyutasidagi pul mablag‘lari va boshqa mol-mulklar Respublika kengashining mulki bo‘lishi mumkin.

Respublika va hududiy kengashlarning mol-mulklari Respublika kengashining mulki hisoblanadi.

Hududiy kengashlarning mol-mulklari alohida balansda hisobga olinadi hamda Respublika kengashining balansida aks ettiriladi.

Respublika kengashining balansida bo‘lgan mol-mulklar (binolar, inshootlar, avtomobillar, turarjoylar, uskunalar, inventarlar va boshqalar) respublika kengashi boshqaruvining tegishli qarori bilan tasarruf qilinadi.

Respublika kengashining pul mablag‘lari va boshqa yuqoridagi bandda ko‘rsatilmagan mol-mulklari respublika kengashi boshqaruvi qarori bilan tasarruf qilinadi.

33. Respublika kengashining pul mablag‘lari va mol-mulkining shakllantirish manbalari quyidagilar:

  • O’zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan ajratilgan pul mablag‘lari va mol-mulklari;
  • belgilangan tartibda ajratilgan Davlat budjetining mablag‘lari;
  • yuridik va jismoniy shaxslarning mablag‘lari;
  • grantlar, xayriya va homiylik mablag‘lari;
  • yuridik va jismoniy shaxslarning ixtiyoriy xayriyalari;
  • o‘tkaziladigan turli madaniy tadbirlardan tushadigan daromadlar;
  • qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

IX. Respublika kengashida mehnat munosabatlari

34. Respublika kengashi ijro apparati xodimlari bilan mehnat munosabatlari ular bilan mehnat shartnomasini tuzish yo‘li bilan lavozimga tayinlash mehnat qonunchiligi va normativ-huquqiy hujjatlar, jamoa shartnomasi hamda ichki me’yoriy hujjatlar bilan tartibga solinadi.

Shtatdagi xodimlarning shaxsiy varaqalari (T2), yig‘majildlari va mehnat daftarchalari Respublika kengashida saqlanadi.

X. Respublika kengashida hisobga olish va hisobot

35. Respublika kengashi o‘z faoliyatining natijalari hisobini yuritadi hamda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga, davlat soliq xizmati organiga va davlat statistikasi organiga belgilangan tartibda hisobotlar taqdim etadi.

XI. Ta’sis shartnomasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish tartibi

36. Ta’sis shartnomasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish respublika kengashi konferensiyasi qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.

37. Ta’sis shartnomasiga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar respublika kengashi konferensiyasi tomonidan tasdiqlanadi hamda ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalar O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan qayta ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng kuchga kiradi.

XII. Respublika kengashini qayta tashkil etish va tugatish

38. Respublika kengashining tashkil etilishi, qayta tashkil etilishi va tugatilishi respublika kengashi konferensiyasi tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

XIII. Yakunlovchi qoidalar

39. Mazkur ta’sis shartnomasi va Respublika kengashi Ustavi Respublika kengashi O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgandan so‘ng kuchga kiradi.

40. Ta’sis shartnomasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish respublika kengashi konferensiyasi qaroriga muvofiq, majlisda qatnashayotganlarning yarmidan ko‘pi ovoz bergandagina qabul qilingan hisoblanadi.

Ta’sischilarning (muassislarning) Respublika kengashi tarkibidan chiqishi fuqarolar yig‘ini qaroriga asosan Respublika kengashi ta’sis hujjatlarida Respublika kengashiga yuklatilgan vazifalar u tomondan lozim darajada bajarilmaganda amalga oshirilishi mumkin.

41. Ta’sis hujjatlarida o‘z ifodasini topmagan masalalar O’zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.

So'rov

Bizning saytimiz sizga yoqdimi?
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech